Falsafa fanlari doktori, professor
1924 yilda Samaraqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Boldir qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand pedagogika bilim yurtini tugatgach, Samarqand davlat universitetida o‘qishni davom ettirdi. Mehnat faoliyatini shu yerda o‘qituvchilikdan boshladi. Ikkinchi Jahon urushida faol ishtirok etdi, xizmatlari uchun bir qancha orden va medallar bilan taqdirlangan.
Bo‘lajak olim - faylasuf Leningrad (Sankt - Peterburg) davlat universiteta aspiranturasi va doktoranturasida tahsil oldi.
T.Sharipovning 1958 yildan keyingi ilmiy - pedagogik faoliyati Farg‘ona davlat pedagogika instituta bilan uzviy bog‘langan. Uning ilmiy izlanishlari falsafa, sotsiologiya, mantiq kabi ijtimoiy fanlarning eng dolzarb muammolari, milliy munosabatlar, inson va uning mehnatga munosabati masalalariga bag‘ishlandi. Inson mehnat faolligining nazariy asoslari, bozor munosabatlariga o‘tishning ob’ektiv zarurligi to‘g‘risidagi qarashlari o‘tgan asrning 90 - yillarida o‘tkazgan qator sotsiologik tadqiqotlarida o‘z ifodasini topgan.
U sermahsul olim sifatida boy ilmiy meros qoldirdi: 300 ga yaqin ilmiy maqola, 6 ta monografiya, 18 ta risola e’lon qilgan. Professor T.Sharipov Farg‘onada o‘ziga xos falsafa maktabini yaratdi. Uning tashkilotchilik qobiliyati uzoq yillar davomida kafedra mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan vaqtlarida yanada to‘laroq namoyon bo‘ldi.
T. Sharipov yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari uchun “Uzbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.