Urushdan keyingi tinch qurilish yillarida, ayniqsa, Xorazm viloyatida ko‘plab xotin - qizlar pedagoglik kasbini o‘zlari uchun faxr deb hisoblashgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra ana shu yillarda ayol pedagoglar soni boshqa kasblarga qaraganda ko‘pchilikni tashkil etgan. Qahramonimiz bo‘lgan Onabibi Sharipova ham shu davrda yetishib chiqqan pedagoglardan bo‘lgan.
1936 yilda Qo‘shko‘pir tumanida ishchi oilasida dunyoga qelgan yosh Onabibi maktabni tamomlagach, Xivadagi xotin - qizlar bilim yurtiga o‘qishga qirib, ikki yildan so‘ng uni muvaffaqiyatli tamomlagach, dastlabki ish faoliyatini Ko‘shko‘pir tumanidagi maktabda boshlab, bir yildan so‘ng Qoromon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi pedagog, Madrahim Sattorovga turmushga chiqdi.
Ayol hayotda kim bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, u baribir onadir. Farzand tug‘ish, tarbiyalash, uy yumushlarini uddalash barchasi ayol zimmasida. Ayol bu burchli vazifani sira rad etolmaydi. Ayniqsa, u ana shu mas’uliyatli vazifasini to‘la uddalasa, farzandlarni komil insonlar qilib tarbiyalasagina o‘zining sharafli nomi bilan yanada ulug‘lanadi. Onabibi Sharipova butun umri davomida ana shu ayollik burchiga sodiq bo‘lib qoldi. Maktabda o‘qituvchi, maktab direktori bo‘lib ishlagan turmush o‘rtog‘i Madrahim Sattorov uning o‘z sharafli yo‘lini bosib o‘tishida katta yordam berdi. Ular ahillikda jamiyat uchun sadoqat bilan ishlashlari barobarida 8 nafar farzandlarini ham voyaga yetkazib, komil insonlar qilib tarbiyalashdi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlashning o‘ziga xos murakkab tomonlari bor. Ayniqsa, ilk bora maktabga o‘qish uchun kelgan birinchi sinf o‘quvchisi qo‘liga ruchka va qog‘oz tutqazib harfni o‘rgatishdan qiyini yo‘q. Mak tabda ko‘pchilik o‘qituvchilar ana shu jarayondan, hayiqib o‘zlarini tortib turganlarida, Onabibi ustoz bundan aslo cho‘chimasdi. Ayniqsa, u bolalarga sabr - chidam va toqat bilan harf yozib, alifboni o‘rgatardi. Onabibi ustozning bizga ilk bor bergan saboqlari bir umr qalbimizda abadiy saqlanib kelmoqda. Uning nihoyatda mehribonligi, biz uchun kuyib - pishishlari sirayam ko‘z oldimizdan ketmaydi, - deydi shogirdlaridan biri olima Maryamjon Jumaniyozova.
Ha, yoshlar uchun kilingan fidoyi mehnat, albatta, bir kun o‘z e’zozini topadi. Ayniqsa, el - yurt ravnaqi, tarakkiyoti uchun fidokorona mehnat qilib kelayotgan shogirdlar ustozni tan olib, uning mehnatlariga yuksak baho berishsa, ustoz uchun bundanda katta baxt bo‘lmasa kerak, dunyoda.
Bugun faxriy pedagogning farzandlaridan Gulnora, Muyassar, Roza va Maqsudlar ota - ona izidan borib, pedagoglik kasbida samarali mehnat qilmoqdalar. O‘gli Odilbek Sattorov o‘z zamonasining haqiqiy tadbirkoridir. Qizi Nigora qishloq vrachliq punktida hamshira, o‘gli G‘ofurjon va Komiljonlar tuman ichki ishlar bo‘limida ishlab kelmoqdalar.
40 yildan ziyod umrini yosh avlod ta’lim - tarbiyasi uchun baxshida etgan Qoromonlik mashhur muallima ayni paytda halol mehnatlari gashtini surmoqda. Farzandlari, nabiralari davrasida baxtli hayot kechirib, dorulomon kunlar zavqini surmoqda.