Yoshlik bu bebaho umr yillaridir. Lekin yillar o‘tib, yoshlik insonni tark etadi, Go‘zallik esa faqat yoshlikka xos bo‘lib qolmay, umrning o‘rta yoshlarida ham, keksalikda ham chiroy ochib turishi mumkin.
Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan samimiy chehralarni ko‘rganimizda dilimiz ravshan tortadi. Hazrati bobolarimizu farishtasifat momolarimizga qarab havas qilamiz. Aytishlaricha, chiroyli qarishning o‘z sirlari bor ekan.
Bu - samimiylik, insonparvarlik, fidoyilik.
Shu xislatlarning barasi bugungi kunda 60 yoshni qarshilayotgan bizning Sharofat Bektosh qizida mujassamdir. Yuzlarida samimiylik nuri balqib turgan bu malaksiymo ayolning umr saxifalarida yoshlarga ibrat bo‘ladigan misollar bisyor.
Sharofat opa 1985 yildan boshlab Samarqand davlat universiteti talabalariga ingliz tilidan saboq bera boshlagan. U kishi Ingliz tili og‘zaki nutq tizimida keng qo‘llanishda bo‘lgan birliklar - turg‘un birikmalarni o‘rganish mavzusida tadqiqot ishlarini himoya qilgan.
Sharofat opaning ilmiy rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Sh.S.Safarov o‘z shogirdining eng yaxshi mutaxassislardan biri ekanligini ko‘p nutqlarida ta’kidlab o‘tgan:
Sharofatxon bilim doirasi keng, talabchan, zakovotli, elu yurt ishlari uchun jonbozlik ko‘rsata oladigan fidoyi inson. Men ishontirib aytamanki, bu shogirdim hali ko‘p katta tashabbuslar bilan chikib, elu yurt koriga yaraydigan inson bo‘ladi.
Ha, xuddi ustozi bashorat qilgandek bo‘ldi.
Sharofat opa katta o‘qituvchi bo‘lishi bilan bir katorda universitet xotin - qizlar qo‘mitasining raisi sifatida ham ko‘p yillar faoliyat ko‘rsatdi. Bir tomondan talabalarga ingliz tilini chuqur o‘rgatish, ular uchun bir qancha o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar yaratish juda ko‘p mehnat talab qiladi. Lekin tinib - tinchimas inson uchun bular kam edi. Sharofat opa xotin - qizlar qo‘mitasining raisi sifatida 1993 - 2010 yillarda faoliyat ko‘rsatgan.
Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor Muhiddinov Sharofat opaga rahbarlik qilgan.
Sharofat opa shu ustozlaridan butun umr minnatdorlar.
U kishi xotin - qizlar qo‘mitasining raisasi sifatida universitet yotoqxonasidagi qizlarning yashash sharoitlarini, muntazam nazorat qilib turdi. Yosh bolali talabalarga yotoqxonadan alohida xonalar ajratib, sharoitlar yaratilishiga bosh bo‘ldi.
Uzoq qishloqlarda yashovchi talaba qizlarning uylariga borib, ularning ota - onalari bilan tanishishga ham vaqt topdi, yordamga muhtojlarga yordam berdi.
Universitet binosida o‘tkazilgan yig‘ilishlar, o‘qilgan dolzarb ma’ruzalar, tadbirlar, konkurslar Sharofat opaning jonkuyarligi samarasidir.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sharofat opaning mehnatlari 1999 yil - Ayollar yilida “Oliy ta’lim a’lochisi” unvoni bilan munosib taqdirlandi.
Sharofat opa farzand bo‘lib, ota - ona hurmatini, kelin bo‘lib, qaynota - qaynona hurmatini joyiga qo‘ygan va bu borada ham ko‘plar o‘rnak olsa bo‘ladigan insondir.
Sharofat opaning qaynotasi Suyun aka To‘xliyev kasalmand kunlarini, ya’ni to‘g‘rirog‘i, umrining so‘ngi daqiqalarini o‘g‘li Bahriddin aka va kelini Sharofat opalarnikida o‘tkazdi. Oq yuvib, oq taragan kelini Sharofat opadan minnatdor bo‘lib, duolari ila ularga baxt tilab, bu dunyoni tark etdi.
Kezi kelganda shuni aytish joizki, Sharofat Bektosh qizining turmush o‘rtog‘i falsafa fanlari nomzodi, dotsent Bahriddin To‘xliyev ko‘p yillar Samarqand kooperativ - savdo oliygohida rektorning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. U kishi bir qancha kitob va monografiyalar muallifi bo‘lishi bilan birga oliygoxdagi dars berayotgan yosh o‘qituvchilarning ustozi hamdir. Bahriddin aka doimo Sharofatxon opaning yaqin maslahatgo‘yi, maslakdoshi bo‘lib kelyapti. Ayolni e’zozlashni, avaylashni shu kishidan o‘rganish kerak, deb o‘ylayman.
Sharofat opaning dotsent darajasiga yetishida Bahriddin akaning mehnatlari beqiyosdir. Ular birgalikda to‘rt nafar o‘g‘il - qizni tarbiyalab, havas qilsa bo‘ladigan oila zaminini yaratishdi.
Sharofat opaning onasi Roziyaxon O‘roqboy qizi ham kuyovlarini alohida mehr bilan sevardilar. Roziyaxon aya kasal yotganlarida Sharofat opa Samarqanddan Toshkentga uchib keladi. Onasiga jon deb qaray boshlaydi. Lekin onasi rahmat ayta – ayta: - Kuyovimni yolg‘izlatma, ayol kishi o‘z oilasi bag‘rida bo‘lishi kerak, - deb qizini yurtiga jo‘natib yuboradi, o‘shanda. Bu qanday mehr bo‘ldiki so‘nggi daqiqasida ham kuyovining tinchini o‘ylasa. Bu - onalik mehri emasmi, bu - oriyatli o‘zbek ayolining mehri emasmi...
O‘shanda onasining so‘nggi daqiqalarini boshidan kechirayotganini bilmagan Sharofat opa: - Onajonim tuzalib ketadilar, - deb uyiga qaytib ketadi.
Afsus, nadomatlar bo‘lsinkim, onasiniig vafoti uning yuragida armon bo‘lib koldi. Armonlari sog‘inch bo‘lib: “Onajonim - nuri jahonim” kitobi yaratildi. Sharofat opa bu kitobni yurak og‘riqlari bilan yozdi. Bahriddin aka bu ishda ham turmush o‘rtog‘ining maslakdoshi bo‘ldi.
Men bu kitobni farzandning onasiga bo‘lgan faxr bitigidir, degim keladi. Agar mubolag‘a bo‘lmasa, farzandlarining onasiga bo‘lgan mehru muhabbat qasidasidir.
Yaqinda, ya’ni 23 fevral kuni Samarkand viloyatining Narpay tumani hokimiyati binosida Bektosh Rahimov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Bu tadbirda B. Rahimovning farzandlari - Baxtiyor Rahimov, nevarasi Ulug‘bek Rahimov (katta o‘g‘li Bahodir Rahimovning o‘g‘li), qizlari Nazokat Qodirova, Sharofat To‘xliyeva va turmush o‘rtog‘i Bahriddin To‘xliyev hamda jiyani Ravshan Abdurahimovlar tashkilotchilik qildilar. Sharofat opa so‘zga chiqib, otasining rahbarlik faoliyatidagi bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘llari xaqida, qilgan yaxshi ishlariyu oiladagi o‘rni, odamlarga bo‘lgan mehru muhabbati haqida gapira turib, tadbirni o‘tkazishdan maqsad xalqparvar, vatanparvar insonlarni hurmat bilan eslash, ularning ezgu ishlarini yoshlarga ibrat qilish ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Bu kabi dolzarb tadbirlar Xorazm, Andijon viloyatlarida bo‘lib o‘tdi. Mana shu tadbirlarni uyushtirishda Sharofat Bektosh qizining mehnatlari bekiyos.
Men Sharofat opaga: - “Siz haqiqiy farzandlik burchini bajarayotgan asl ota qizisiz”, - degim keladi.