O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Shayxova Guli Islomovna

    Odamlarni suyib, odamlarni deb...
    Shayxova Guli Islomovna , 1951 yilda Toshkent shahrida  tug‘ilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi “Bolalar , o‘smirlar  gigiyenasi va ovqatlanish  gigiyenasi” kafedrasi  mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor. Xalqaro  ilmiy Akademiya  akademigi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash  vazirligining  bolalar va o‘smirlar  gigiyenasi  bosh mutaxassisi.
    Guli Islomovnani O‘zbekistonda nafaqat tibbiyotchilar  balki  butun xalq taniydi. Uning “O‘zbekiston” va “Yoshlar”  telekanallaridagi tibbiy ko‘rsatuvchilarni  yetti yoshdan  yetmish yoshgacha bo‘lgan  keksa-yu yosh qiziqib  tomosha qiladi. Shifokor  sifatida  maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari  asosida  sog‘liqlarini tiklashga  intilishadi. Chunki  har bir  kasallik, uning  oldini  olish  haqidagi  aniq  maslahatlari tufayli  qanchadan-qancha bemor tomoshabinlar  o‘z dardlariga  shifo topishyapti. Xalqimizning  tibbiy malakasini  oshirishda ham olimaning xizmatlari beqiyos.
     Guli maktabda o‘qib yurgan  chog‘laridek, kelajakda shifokor  bo‘laman ,degan  niyatni  diliga  qo‘ygan  edi. Yaxshi  niyat  yarim  davlat. Ezgu  niyati  ro‘yobga  chiqib, u 1969  yilda  Toshkent  davlat  tibbiyot  institutining  sanitariya-gigiyena fakulteti talabasiga  aylandi va 1975 yil o‘qishni muvaffaqiyatli tugatdi.
     1977 yildan Toshkent davlat  tibbiyot instituti  qoshidagi “Ovqatlanish kafedrasi”da  aspirant  so‘ng assistent,  dotsent  lavozimlarida  ishladi.
     Ma’lumki inson salomatligining  birinchi garovi- gigiyenaga amal  qilish va albatta  to‘g‘ri ovqatlanish . Bir qarashda  juda  jo‘n ko‘ringan ovqatlanish  aslida san’at- taomlanish, sog‘liqni  asrash  saati . Buning uchun odam  o‘z imkoniyatini  bilishi, ota-bobolarimizdan qolgan  rejimni  yodda tutishi  kerak. Afsuski, yashash tarzimiz , turmush sharoitimiz yaxshilanib, dasturxonimiz turli  noz-ne’matlarga   boyib borgani sari kishilarning sog‘lig‘i  yomonlashib  boryapti.  Turli oshqozon , ichak, jigar  xastaliklariga chalinib  qolyapmiz. Bunga sabab esa, o‘sha  noto‘g‘ri  ovqatlanish . Juda ko‘p  bemorlar  bilan suhbatlashgan , kuzatuvlar olib borgan  Guli Islomovna  ilmiy  ishining mavzusini shunga qaratdi.1984- yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Endi tibbiyot  fanlari nomzodi, dotsent  bo‘lib  ham  shifokorlik , ham pedagoglik  faoliyatini  yuritdi. Ilmiy ishini ham davom ettirdi. 
    U 1990 - 1993 yillarda  Moskva shahrida  Tibbiyot  fanlari akademiyasi  qoshidagi “Ovqatlanish instituti” doktoranturasida o‘qidi. Doktorlik dissertatsiyasini yoqlab ,ona yurtiga qaytgan olima 1993 - yildan Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining «Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi» kafedrasida dotsent, professor, keyinroq kafedra mudiri lavozimlarida ishladi.
     Guli Islomovna tibbiyot akademiyasining eng serg‘ayrat, eng serqirra, eng mehnatkash olimasi. U bir joyda turib qolishni tasavvur qilolmaydi. Doimo harakatda, izlanishda.
     U ayollar va yosh bolalar orasida tarqalgan temir tanqisligi, kamqonlikni oldini olish, uni davolash maqsadida respublikamizning Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Toshkent viloyatidagi homilador va emizuvchi ayollar, bolalar va o‘smirlarning iqtisodiy sharoiti, kasallanishi va ratsional ovqatlanishini atroflicha o‘rgandi va bu kuzatuvlari asnosida amaliy takliflar berdi. Kasallikni oldini olish uchun temir va zarur vitaminlar bilan boyitilgan non va qandolat mahsulotlarini, pashtet va siroplarini «O‘zdonmahsulot» va «O‘zximfarm» texnologlari bilan birgalikda ishlab chiqdi. Ularni aholiga yetkazishga ham bosh-qosh bo‘ldi. TTK (Temir tanqisligi kamqonligi)ni oldini olish va davolashga yo‘naltirilgan oziq-ovqatlar haqida bayon qilingan 2 ta monografiya ham bemorlarning davolanishida ayni muddao bo‘ldi. Respublikamizda un mahsulotlarini temir moddasi va vitaminlar bilan boyitish, tuz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yod bilan boyitish loyihasini amalga oshirishda bevosita ishtirok etdi.
     Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘ladi. Biz bugun go‘daklarimizni, bolalarimizni sog‘lom qilib voyaga yetkazsak, demakki O‘zbekistonimizning ertasi, kelajagi sog‘lom bo‘ladi. Chunki sog‘lom odamgina sog‘lom fikrlaydi, sog‘lom voyaga yetishda esa to‘g‘ri ovqatlanishning o‘rni beqiyos, deydi olima. Ana shu fikrlari mujassamlashgan monografiyani «Bolalar va o‘smirlar ratsional ovqatlanishi» deb nomlagan.
    Guli Islomovna o‘z bilim va tajribalarini shogirdlariga o‘rgatishdan charchamaydi. U Toshkent tibbiyot akademiyasining yuqori kurs talabalariga rus va o‘zbek tillarida 4 ta o‘quv dasturi yozdi. 6 ta monografiya, 30 dan ortiq o‘quv qo‘llanmalar va uslubiy ishlar, 10 dan ortiq sanitariya qonunlari va me’yoriy hujjatlar muallifi.
     Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish oson, shioriga amal qilgan olima, Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi bolalar va o‘smirlar gigienasi bosh mutaxassisi sifatida tez-tez Respublikamiz viloyatlaridagi maktab, litsey, kollejlarda bo‘ladi. «Bolalarni gigiyenik tarbiyalash, ularni ratsional ovqatlanishi», «Kamqonlik va epidemik buqoq kasalliklari, gelmintoz va uning oldini olish chora-tadbirlari», «Jismoniy tarbiya, sport, ularning turlari», «Sog‘lom turmush tarzi va uning shakllari» kabi dolzarb mavzularda suhbat va seminarlar o‘tkazadi. Ustoz-murabbiyning bugun o‘nlab shogirdlari bor. Ikkita shogirdi esa fan doktori bo‘ldi. Guli Islomovna O‘zbekiston tibbiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan shogirdlari faoliyatini kuzatib bir quvonsa, uning ishini davom ettirib yelkadosh bo‘lgan katta o‘g‘li, tibbiyot fanlari nomzodi shifokor-jarroh Shahzodjonni, shifokor kelinlarini ko‘rib yana bir quvonadi. Huquqshunoslik kasbini tanlagan kenjatoyi Sherzodjon bilan faxrlanadi. Atrofida buvijonlab, chug‘urlab yurgan nabiralarini bag‘riga bosib, charchoqlarini unutadi. O‘zida yana bitmas kuch-g‘ayrat paydo bo‘lganini his qilib, yangi-yangi rejalar maqsadlar tuzadi. Orzularingiz qanot yozaversin, xalq salomatligi yo‘lida ishlab tolmang, o‘zingiz ham sog‘ bo‘ling, suyukli, shirinsuxan shifokor olimamiz.
 



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar75



Filologiya5