Falsafa fanlari doktori, professor, faylasuf, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. Xalk ta’limi a’lochisi Shayxova Xotima Omilovnaning ilm yo‘lidagi ibratli hayoti ko‘plar uchun o‘rnakdir.
Maktabni bitirib, 1943 yildan 1946 yilgacha O‘qituvchilar institutining tarix va adabiyot fakultetida tahsil oldi. O‘z ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan Xotima Shayxova o‘qituvchilik, talabalik yillaridayok o‘zining ajoyib tashkilotchilik qobiliyati bilan do‘stlari orasida ajralib turardi. Jamoatchilik ishlarida suxandonlik mahorati bilan ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga jalb etardi.
Shayxova Xotima Omilovna qaysi dargoh, qaysi muassasada ishlamasin, u olim bo‘lish, o‘qishni davom ettirish orzusi bilan yashardi. 1963 yilda o‘z niyatlarini amalga oshirish uchun O‘zbekisgon Fanlar akademiyasining I. M. Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti qoshidagi aspiranturaga o‘qishga kiradi. Aspirantura muddati tamom bo‘lgach, shu institutda 1966 - 1971 yillar davomida kichik va katta ilmiy hodim lavozimlarida ishlaydi. Zotan, ilmiy izlanishlarini maromiga yetkazib, 1968 yilda “Ahloqda jamoatchilik masalasi ” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishadi. 1984 yili esa ko‘p yillik ilmiy izlanishlari samarasi doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, falsafa fanlari doktori unvoniga ega bo‘ldi.
Xotima Shayxova 1971 - 1987 yillar mobaynida shu institutda bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. U kuch g‘ayratga to‘lgan pallalarida odob - axloq, ma’naviyat, madaniyat, ijtimoiy adolatparvarlik, oila va insoniyat ma’naviy qiyofasi kabi turli ijtimoiy va falsafiy mavzularda ko‘plab maqolalar e’lon qildi, risola va monografiyalar nashr ettirdi. Shahar, viloyat, Respublika miqyosida chaqirilgan turli anjumanlarda o‘zining sermazmun ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdi. Falsafa fanini targ‘ib etib, talabalarga qiziqarli ma’ruzalar o‘qidi.
1989 yilda professor Shayxova Xotima Omilovna “Politologiya” institutining “Madaniyat va ommaviy axborot” kafedrasiga mudir bo‘lib bordi. 1992 yildan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida professorlik lavozimida ishladi. Keyin Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Falsafa va madaniyat” kafedrasiga professorlik vazifasiga tayinlandi.
Bu ilm dargohida Xogima Shayhovaning pedagogik faoliyati rivoj topdi. U talabalarga madaniyat va axloq mavzularida yang i dastur asosida ma’ruzalar o‘qidi.
Olima yaxshi pedagog, murabbiy, ilmiy rahbar va mirishkor olima. Uning rahbarligida 6 shogirdi nomzodlik dissertatsiyasini, ikkitasi doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. O‘z faoliyatida bir necha marta dissertantlarga rasmiy opponentlik qilgan.
Olimaning ilmiy izlanishlari asosida qishloq dehqonlarining axloqiy, madaniy jihatlari, ma’naviy - madaniy salohiyatlarini takomillashtirish milliy qadriyatlarni, urf - odatlarni tiklash va himoya qilish masalalari yotadi. Milliy mustaqilikka erishilgan davrda oila mustaqilligini saqlash, sog‘lom avlod kamolotini ko‘llab - quvvatlash, ma’naviy va axloqiy kamolotga erishish masalalari shular jumlasidandir. Radio, televidenieda tez - tez chiqishlar qiladi.
Ilmiy va jamoatchilik faoliyati, ko‘rsatgan xizmatlari hisobga olinib, professor Xotima Shayxovaga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, unvoni berildi, “Mustaqillikning bir yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Professor Xotima Shayxova 100 ga yaqin axloq, odob, madaniyat, oila mavzularida ilmiy va ommabop maqolalar e’lon qilgan, monografiyalar, risolalar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv dasturlari nashr ettirgan.
Xotima Shayxova oilali, umr yo‘ldoshi E. Shayxov ham taniqli olimlardan, professor, qishloq xo‘jalik akademiyasining akademigi. To‘rtt farzandi ham oliy ma’lumotli, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan komil insonlar. Ustoz olimaning bir necha nabiralari va shirindan - shakar evaralari bor.