O‘zbekiston Milliy Universiteti Xorijiy tillar fakulteti Rus tili kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Sheremeteva Anna Gennadevna ushbu universitet ostonasiga qadam qo‘yganida endigina maktabni tugatgan yoshgina qiz edi. Yillar o‘tdi, talabalik yillari, aspirantura, ilk ish boshlagan vaqtlar ortda qoldi. Bugun Anna Gennadevna o‘zi talabalarning sevimli ustoziga, yosh hamkasblarining murabbiysiga aylangan. O‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida ilmiy ishlari, rus tilining grammatikasi, o‘ziga xos tomonlarini talabalarga erinmay yetkazishi, samimiy muomalasi, pedagogik taajribasi ortidan hurmat-e’tibor topdi.
1976 yili ToshDU (Hozirgi O‘zMU) ning filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan Anna Sheremeteva shu yili kafedraga laborant bo‘lib ishga kirdi va shu bilan birga aspiranturada sirtdan o‘qib, ilmiy ishlarini davom ettira boshladi. 1983 yili nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, filologiya fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Rus tilining morfologiyasi, leksikologiyasi bo‘yicha umumiy maxsus kurslarni olib bordi, talabalarning amaliy mashg‘ulotlari, diplom ishlariga rahbarlik qildi. Pedagogik faoliyati bilan birgalikda ilmiy ishlarini davom ettirib maqolalar, ri-solalar, o‘quv qo‘llanmalari chop ettirdi.
1986 yili dotsent ilmiy unvonini olishga sazovor bo‘ldi. Milliy Universitetda doktoranturada o‘qib, "Rus tilida leksika, grammatika" mavzusida doktorlik ishini yoqladi. Kafedra mudiri sifatida faoliyat yurita boshladi.
Professor Sheremeteva Anna Gennadevna Xalqaro anjumanlarda, jumladan Sank-Peterburgda rus tiliga bag‘ishlangan anjumanda, YuNYeSKOning Minskda bo‘lib o‘tgan tilga bag‘ishlangan kongressida va boshqa ko‘plab xalqaro anjumanlarda qatnashdi. Filologiya fanlari doktori Anna Gennadevna ilmiy tadqiqotlari natijasi sifatida 130 dan ortiq ilmiy ishlarini chop ettirgan. Shular jumlasidan, 2 ta ilmiy monografiya, ham mualliflikdagi rus tili darsligi va o‘quv qo‘llanmalari. Professor Sheremeteva Nizomiy nomidagi Pedagogika universiteti magistrantlari uchun rus tilidan mashg‘ulotlar o‘tadi, bakalavrlarning ilmiy ishlariga, nomzodlik dissertatsiya- larini yoqlashlarida rahbarlik qiladi.
Sheremeteva Anna Gennadevna o‘zining ilmiy salohiyatini tinmay oshira boradi, o‘z ustida tinmay ishlaydi. Olima fidokorona mehnatlari uchun "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek, Rossiya Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «A.S.Pushkin» medali bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Milliy universitetining professori, yetuk olima, tajribali pedagog Sheremeteva Anna Gennadevna hamisha eng yaxshi fazilatlari, ilmi, yutuqlari, samimiyligi bilan barchaga o‘rnak.