O‘zbekiston Milliy universitetining ko‘pgina pedagog olimalari kabi Ijtimoiy fanlar fakulteti “Milliy g‘oya va ijtimoiy falsafa” kafedrasi dotsenti Shoabdurahimova Shoista Shoislomovnaning umr so‘qmoqlari mazkur universitet hayoti, uning yo‘llari bilan bog‘langan. Oz emas, ko‘p emas opaning ushbu dargohga ilk bora qadam qo‘yganiga 45 yil bo‘libdi. Ushbu universitetda laborant sifatida ish boshlaganiga esa 42 yil bo‘ldi, so‘ngra kabinet mudiri, “Dinshunoslik” kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, 1999 - 2005 yillarda “Dinshunoslik” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. Shoista Shoabdurahimova jamiyatdagi o‘rni, yana oddiy emas, murakkab yumushlari - pedagogik faoliyati, ilmiy ishlari, jamoat ishlari bilan bir qatorda oilasining sarishta bekasi bo‘lib, farzandlar tarbiyasiga vaqt topa bilgan fidoyi olimalardan. Shoista Shoabdurahimova nafaqat talabalarga, uyda farzandlarga balki, yosh pedagog hamkasblariga ham o‘z maslahatlarini, yo‘l - yo‘riqlarini ayamaydi. Bu bag‘ri keng, samimiy insonni hurmat qiladilar, unga quloq tutadilar.
Shoista Shoabdurahimova “O‘rta asr musulmon hurfikrliligida umuminsoniy axloqiy qadriyatlar (IX - XI asr)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hozirgacha olima tomonidan 60 dan ortiq ilmiy, ilmiy - uslubiy maqola, risola va o‘quv qo‘llanmalar chop ettirilgan. 2012 yildan Ijtimoiy fanlar fakulteti “Milliy g‘oya va ijtimoiy falsafa kafedra”sida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
Nashr etilgan ilmiy ishlari ichida “Dunyo dinlari tarixi” o‘quv - uslubiy qo‘llanmasi, "Dinshunoslik" elektron versiya darslik (prof. A.Abdusamedov bilan hammualliflikda), "Dinshunoslik" talabalar - uchun uslubiy qo‘llanma, “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy - ma’rifiy asoslari” uslubiy qo‘llanmasi kabi ishlar alohida o‘rin tutadi. “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi”, “Falsafa” entsiklopediyasida qator maqolalari bilan ishtirok etgan.
Hozirda u magistratura bosqichida “Ma’naviyat va din”, “Sharq va G‘arb ma’naviyati” kurslari bo‘yicha dars soatlarini olib boradi. Bu fanlar bo‘yicha o‘quv - uslubiy majmualarni elektron variantlari chiqarildi.
Dotsent Shoista Shoislomovna rahbarligida malakaviy bitiruv ishi, magistr dissertatsiyasi yozgan talaba va magistrlar Respublikamiz ijtimoiy hayotida faoliyat olib bormoqda. Faylasuf olima sifatida vatanimiz kelajagi uchun xizmat qiluvchi kadrlarning yetishib chiqishida munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U jamoat ishlarida faol qatnashadi. “Falsafa” jamiyati a’zosi.
Shoista Shoabdurahimova - oilali. 2 farzandni o‘stirib, voyaga yetkazdi. 4 nabiraning sevimli buvijonisi.