Shokirjonova Klara Toshkenboyevna yengil atletika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya rezervlari bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktoridir. U 1951 yilning 5 may kuni tug‘ilgan. Klara Toshkenboyevna bu mas’ul lavozimni egallaguncha o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tdi. O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini (1972 y.) tugatgach, kelajagi yaraqlab turgan qizni yengil atletika kafedrasiga o‘qituvchi qilib olib qolishdi. Chunki bu yosh mutaxassisdan umidlari katta edi.
Bu soxaning o‘qish oson kechmadi. Yengil atletika tarixi, buguni, ertasi uni qiziqtirardi. Uning yoshlar hayotidagi o‘rni va hatto jahonda tinchlikni saqlash uchun uning qo‘shgan va ko‘shajak hissasi o‘ylantirar va izlanishga da’vat etardi. Klara 1973 yilda Butunittifok Oliy jismoniy tarbiya ilmiy - tekshirish instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi. 1976 yili uni muvaffaqiyatli tugatib, dissertatsiyani yoqladi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
1975 - 1997 yillarda O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va madaniyat oliygohida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, yengil atletika kafedrasi mudiri, yengil atletika kafedrasi dotsenti bo‘lib ishladi. Qariyb chorak asrlik ish faoliyati jismoniy tarbiya va sport sohasida yetuk malakali kadrlar tayyorlashga bag‘ishladi.
Shokirjonova Klara Toshkenboyevna pedagog, olima sifatida bir necha ilmiy - uslubiy qo‘llanmalar, risolalar muallifi. Uning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi yuzga yaqin maqolalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan. Klara Toshkenboyevnaning respublika yengil atletika sport federatsiyasi matbuot kotibi sifatidagi faoliyati ham alohida e’tiborga loyiqdir. 1997 yildan Shokirjonova K. T. Respublika Olimpiya o‘rinbosarlari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning maktabi Respublika shu toifadagi maktablar orasida peshqadam sanaladi.