Kimyo sohasining yetuk, taniqli olimalaridan biri kimyo fanlari doktori Smanova Zulayho Asanaliyevnadir. O‘zbekiston Milliy universitetining Kimyo fakultetini tugatgan Zulayho Smanova nomzodlik dissertatsiyasini ham Analitik kimyo mutaxassisligi bo‘yicha yoqladi. U ilmiy rahbari va ustozlari ishlarini davom ettirayotganidan mamnun. 2000 yildan pedagogik faoliyatini boshlab, Kimyo fakultetida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda. Shu yillar davomida uning pedagogik mahorati, ilmiy salohiyati, ish tajribasi yuksalib, hurmat - e’zozga ega ustoz darajasiga yetdi. Olima 150 dan ortik ilmiy ishlar muallifi, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 6 ta o‘quv - uslubiy qo‘llanmasini yozgan. Bir qator xalqaro va respublika konferentsiyalar ishtirokchisi. 20 dan ortiq shogirdlar tayyorlagan. Hozirda ular respublikamiz viloyatlarida izlanishlar olib bormoqda.
Olima Analitik kimyo magistratura mutaxassisligi bo‘yicha hamda bakalavriat yo‘nalishi talabalari uchun “Analitik kimyo” fanidan me’yoriy hujjatlar ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, Zulayho Smanova Kimyo fakulteti ilmiy kengashining a’zosi, sifat komissiya raisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Dotsent universitet va fakultet miqyosidagi barcha ma’naviy - ma’rifiy va ilmiy - uslubiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Hozirgi kunda olima atrof - muhit ob’ektlari, sanoat materiallari tarkibini aniqlashda, ekologik muammolarni hal etishda, xususan, havo, tuproq va chiqindi, oqova suvlar tarkibidagi ogir, zaharli metall ionlarini aniqlashda immobillangan organik reagentlardan foydalanish va ular yordamida metrologik, analitik tavsiflari yaxshilangan tezkor usullarni ishlab chiqishda ilmiy izlanishlar olib bormokda. Polimerli materiallarga organik reagentlarni immobillab, ular yordamida temir, qo‘rgoshin, xrom, simob, mis, rux va boshqa metallionlarni tozalashda va ajratib olishda ham ishlatiladi va aniqlashning sezgir, tanlab ta’sir etuvchan, kam vaqt talab etadigan, anikdigi yuqori bo‘lgan analitik usullar va test tizimlar ishlab chiqishga qaratilgan. Immobillangan reagentlar yordamida efektivligi, ishonchlilik darajasi, analizning tezligi, murak- kabligi turlicha bo‘lgan tabiiy ob’yektlar (tabiiy, oqova, ichimlik suvlari, tuproq, biomahsulotlar va boshkalar)dan metallarni mikromiqdorlarini aniqlash metodikasi taklif qilingan.
"Polimer tashuvchilarga immobillangan reagentlar bilan atrof - muhit ob’ektlaridan ekotoksikantlarni fotometrik va sorbtsion fotometrik aniqlash usullarini ishlab chiqish" amaliy byudjetining rahbari va ushbu byudjetda olib boriladigan tadqiqotlar yangi sorbtsion - spektroskopik usullar yaratishga yo‘naltirilgan.
Atrof - muhit hududlarini metrologik baholashning qattiq fazali spektrofotometrik usuli yaratilgan. Yaratilgan uslubning analitik xususiyatlari va metrologik xulq - atvori o‘rganilgan holda uni tabiiy va chiqindi suvlar analizi uchun tekshirib ko‘rilgan va sinovlar o‘tkazilgan.
Ko‘p yillik mehnatining samarodorligi natijasida shu yili Zulayho Smanova "Immobillangan organik reagentlar va ularning ogir zaharli metallarni aniqlashda analitik qo‘llanilishi" mavzusidagi - analitik kimyo ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilmiy tadqiqot ishlari og‘ir va zaharli metallarni metrologik va analitik tavsiflari yaxshilangan yuqori sezgir va selektivlikka ega bo‘lgan yangi usullarni yaratishga bag‘ishlangan.
Ishlab chiqilgan usullar yer usti suvlarini analiz qilish laborotoriyasi GidrometITI, OTKMZ markaziy analitik va yangi texnologiyalar laboratoriyalarida, Toshkent viloyati va Bekobod SES kimyoviy laboratoriyalarida, YaFI radiopreparatlar bo‘limi, Samarqand viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va boshqa analitik laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazilgan va amaliyotga joriy qilish uchun tavsiya etilgan. Olingan eksperimental natijalar O‘zMU, SamDU UrgDU Jizzax DPI, TFarmI bakalavriat va magistratura talabalari uchun "Analitik kimyo", "Atrof - muhit ob’yektlari analizi", "Fizik - kimyoviy analiz metodlari" hamda "Analitik kimyoda metrologiya, statistika va kompyuterlar" kabi kurslarning amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarga joriy etilgan.
Zulayho Smanova oilali, ibratli oila bekasi, 2 nafar farzandning onasi. U kamtar, ishda va talabalarga nisbatan talabchan, o‘z ilmiy darajasini oshirish ustida tinmay izlanadi, ishda o‘ziga yuklangan vazifaga o‘ta mas’uliyat bilan qaraydi va bu xislatlari orqali u nafaqat hamkasblari, balki talabalar o‘rtasida ham katta hurmatga sazovor.