Fizika - matematika fanlar nomzodi, dotsent
1902 yilda Rossiyaning Voronej viloyati Nikitovskiy tumani Arna - Utovo qishlog‘ida tug‘ildi. 1909 yilda oilaviy sharoiti tufayli oilasi bilan Oltoy o‘lkasining Krasnoshekovskiy tumaniga ko‘chib o‘tadilar . 1910 - 1915 yillarda boshlang‘ich maktabda o‘qiydi, so‘ngra kolxozda ishlaydi.1920 yilda 3 oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qiydi. 1920 - 1925 yillarda Barnaul shahridagi ishchilar fakultetida o‘qiydi 1925 - 1929 yillarda Simferopol pedagogika institutining matematika fakultetida tahsil oladi. 1929 - 1930 yillarda Simferopol pedagogika institutining matematika kafedrasida assistent bo‘lib ishga qoldiriladi. 1930 - 1934 yillarda sobiq ittifoq Fanlar akademiyasi Matematika instituti (Leningrad shahri)da aspiranturada o‘qiydi. 1935 yilda shu institut Ilmiy Kengashida “Trigonometrik qatorlarning ba’zi ekstremal xossalari haqida” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Shu Yili yosh olim yo‘llanma bilan Samarqand davlat universitetiga ishga yuboriladi. 1935 - 1937 yillarda Samarqand davlat universitetining fizika - matematika fakultetida matematika kafedrasi dotsenta bo‘lib mehnat qiladi.
1937 yilda O‘zbekistan maorif komissariati buyrug‘i bilan Farg‘ona davlat pedagogika institutiga ishga keladi. Uning keyingi hayoti ana shu institut bilan bog‘liqdir. G.Sokolov 1939 yilda dotsent ilmiy unvonini oladi. Shundan so‘ng to umrining oxirigacha umumiy matematika, matematika o‘qitish metodikasi kafedralarida dotsent lavozimida ishlashi bilan birga 20 yildan ortiq mazkur kafedralarda kafedra mudiri, 10 yildan ortiq fizika - matematika fakulteti dekani, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (1961 - 1962) lavozimlarida fidokorona mehnat qildi.
U qaysi lavozimda mehnat qilmasin, institutda o‘quv - tarbiya ishlarini takomillashtirish, o‘quv xonalari va laboratoriyalarni zarur jihozlar bilan boyitish, talabalarni ilmiy ishga jalb etish, ularni yetakchi ilmiy muassasalar va yetakchi olimlar bilan biriktirish bo‘yicha diqqatga sazovor ishlarni amalga oshirdi.
Yetuk pedagog, mohir tashkilotchi, izlanuvchan olimning mehnatlari munosib takdirlandi. U orden va medallar, faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan. Ustoz fizika - matematika fakultetining shakllanishi va rivojlanishida ulkan hissa qo‘shgan insonlardan edi.