Filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
1940 yil 11 iyulda Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1957 yilda 10 - sinfni bitirib, jamoa xo‘jaligida tabelchi, quruvchi, xat tashuvchi vazifalarida ishladi.
1960 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix –filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1965 yilda imtiyozli diplom bilan bitirdi.
1965 yil iyulidan 1968 yil fevraligacha hozirgi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahririyatida xizmat qildi. 1968 yil fevralidan Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek adabiyoti kafedrasiga ishga o‘tdi. 1974 yil may oyida “Uzbek nasrida avtor nutqining shakllanishi va yozuvchining shaxsiy uslubi” mavzusida filologiya fanlari nomzodligi uchuy dissertatsiya yoqladi. 1980 yilda dotsentlik unvoniga ega bo‘ldi.
2003 yilda “XX asrning 80 - 90 yillari o‘zbek nasrida badiiy nutq poetikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning shu paytgacha 20 dan ortiq kitoblari (shundan 3 ta monografiya, 5 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, adabiy - tanqidiy maqolalar, risolalar), 500 ga yaqin ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Y. Solijonov 1981 - 1985, 1989 - 1993, 1997 - 2010 yillarda kafedra mudiri bo‘lib ishladi. Ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari inobatga olinib, 1991 yilda “Uzbekistan Respublikasi xalq maorifi a’lochisi” unvoni bilan taqdirlandi. 1996 yilda universitet ilmiy Kengashi qarori bilan unga “Universitetda xizmat ko‘rsatgan dotsent” faxriy unvoni berilgan. Ko‘p marta viloyat hokimligi va universitet rektorining Faxriy yorliqlariga sazovor bo‘lgan. 2002 yilda Uzbekistan Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Ilmiy va badiiy ijod sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun Y. Solijonov 2013 yilda Uzbekistan Respublikasi davlat mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan “Qadr - qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” shiori ostida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat ko‘rik - tanlovining “Eng yaxshi ma’ruza matni» nominatsiyasi bo‘yicha “III darajali diplom”, 2014 yilda Uzbekistan Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlab “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” ezgu shiori ostida o‘tkazilgan “Eng ulug, eng aziz” Fargona viloyati tanlovida “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” nominatsiyasi bo‘yicha “Vatan ozod, turmush obod, ko‘ngillar shod” hamda “Ko‘zgudagi hayot” kitoblari uchun “I darajali diplom”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik” IV respublika tanlovida “Mo‘‘jizalar sehri” kitobi uchun ragbatlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘ldi. 2015 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Hozir Yo‘ldoshxo‘ja Solijonov universitetning adabiyotshunoslik kafedrasi professori lavozimida faol mehnat qilmoqda.