Toshkent Arxitektura qurilish institutida o‘z ilmiy pedagogik faoliyatini boshlagan va jamoa ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan pedagog, mehribon ustoz va mohir tashkilotchi Togaeva Dilafruz Usmonovna respublikamizda yetuk va barkamol kadrlarni tayyorlash tizimini shakllantirish borasida sidqidildan mehnat qilayotgan pedagog-olimalardan.
Dilafruz Usmonovna Toshkent arxitektura qurilish instituti "Geodeziya va kadastr" kafedrasida katta o‘qituvchi va Muhandislik qurilish infrastrukturasi fakulteti dekani muovini lavozimida ishlab kelmoqda.
2003 yilda Toshkent Arxitektura qurilish instituti "Geodeziya va kadastr" kafedrasini "Amaliy geodeziya" mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani va 2008 yilda shu institutning "Qurilishni boshqarish" fakulteti iqtisodiyot yo‘nalishi (ikkinchi mutaxassislik) bo‘yicha tamomlagan.
U pedagogik faoliyati davomida 10 dan ortiq ilmiy maqola va o‘quv qo‘llanmalarga mualliflik qilgan. Jumladan, "Sovremennoe sostoyanie geodezicheskoy s’emki injenernыx podzemnыx kommunikatsiy», «Kompyuterlashtirilgan ish yuritish tizimi», «Obidalar sirti ta’mirlanadigan qismining maydonini aniqlash", "Texnologik uskunalar va konstruktsilarni montaj qilishda injener-geodezik ishlarning texnologik tarkibi", "Injener-geodezik qidiruv ishlarini tashkillashtirishning texnologik tarkibi va xususiyatlari", "O‘zbekiston hududida sun’iy yo‘ldoshli geodezik asos yaratish tajribasi", "Shar shaklidagi inshootning markaziy koordinatalarini geodezik usulda aniqlash" mavzusidagi ilmiy maqolalarning muallifidir.
U doimo o‘z ustida yangi pedagogik va innavatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda ma’ruza va amaliy darslarni namunali olib boradi. Dilafruz Usmonovna pedagogik faoliyatidan tashqari ilmiy boradi. Hozirda yangi geodezik texnologiyalar asosida "tog‘ tonnellarini qurilishidagi geodezik o‘lchashlarni aniqligini tadqiq qilish" mavzusida mustaqil tadqiqotchi bo‘lib ilmiy ish olib bormoqda. Respublika miqyosida ilmiy yo‘nalishlarida o‘z ma’ruza va maqolalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Dilafruz Tog‘aeva kamtarin, samimiy, do‘stlariga nisbatan g‘amxo‘r, mehribon, institut va kafedra miqyosida o‘tkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida faol ishtirok etadi.
Dilafruz Usmonovna doimiy ravishda o‘z kasbiga oid bilim, ko‘nikma va tajribasini, pedagogik mahoratini oshirish ustida qat’iyat va sabr-toqat bilan ishlaydi. O‘ziga va atrofidagilariga nisbatan talabchan.
Professor-o‘qituvchilarning fanning eng so‘nggi yutuqlari, ta’lim-tarbiya sohasidagi yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan xabardor qilish, joriy va istiqboldagi rejalar asosida Dilafruz Usmonovna 2015 yil Toshkent Arxitektura qurilish instituti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning tajribasini oshirish tarmoq markazini muvaffaqiyatli tamomladi.
U o‘z ilmi bilan mamlakatimiz yosh avlodi qalbiga respublikamizda bo‘layotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri va to‘liq qilib yetkazib berishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Aql-idrok egalarining nafi har doim ko‘pchilikka tegadi. Bilim egalari esa elda aziz bo‘ladi, hurmat qozonadi. Barcha faoliyat o‘quv-idrok bilan amalga oshadi. Barcha murakkab ishlar bilim bilan hal etilishini talabalarga doimiy ravishda ta’kidlaydi.
Fakultetda ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qaror va buyruqlari, ko‘rsatmalari talablari asosida talabalarga tushuntirish ishlarini olib boradi.
Dilafruzxon oilali, bir nafar farzandning sevimli onajonisi.