Insonlar bo‘ladiki, butun hayoti davomida mash’al singari tevarak - atrofdagilarga ziyo sochib, yo‘llarini munavvar etadi. Uning nuridan bahramand bo‘lgan yosh nav nihollar gurkirab o‘sadi, quyosh tomon buy cho‘zadi, keyinchalik esa o‘zlari ham boshqalarga nur tarata boshlaydilar.
Huquqshunos olima, tajribali ustoz Gulchehra Zohidovnani ham ana shunday atrofga porloq nur taratuvchi mash’alaga qiyoslash mumkin. Bu, albatta, qalbidagi yorug‘lik - ilmining ziyosi, ezguliklari, shundandir.
Huquqshunoslik fanlari doktori, dotsent To‘laganova Gulchehra Zohidovna hozirda Toshkent davlat yuridik universiteti “Kriminalistika” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Gulchehra To‘laganovaning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarida ilgari surilgan qamoqqa olish sanktsiya berish huquqining sudlarga o‘tkazilishi, lavozimdan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish kabi protsessual majburlov choralari, uy qamog‘i yangi ehtiyot chorasining turining joriy etilishi kabi takliflari Oliy Majlis tomonidan ma’qullanib, milliy qonunchiligimizga tatbiq etilgan.
Olima yangi fan dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlashda faol ishtirok etib kelmoqda. “Jinoyat jarayonida ehtiyot choralarining qo‘llanishi muammolari”, “Jinoyat protsessida shaxs huquqlarini cheklash mezonlari”, “Jinoyat jarayonida jarayonga oid majburlov choralari”, “Jinoyat - protsessual qonunchilikni yanada takomillashtirish imkoniyatlari”, “Jinoiy tajovuzlardan himoyalanishning jarayonga oid usul va vositalari” nomli monografiyalar, “Jinoyat jarayonida himoyachining ishtiroki”, “Jinoyat jarayoni muammolari”, “Jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash”, “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi va tortishuv printsipi”, “Inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilishda himoyachining tutgan o‘rni” nomli va boshqa qo‘plab o‘kuv qo‘llanmalar, shuningdek, “Jinoyat jarayonida protsessual majburlov choralari”, “Jinoyat - protsesual huquqi” o‘quv - uslubiy qo‘llanmasi, bir qancha risolalari va huquqiy jurnallarda 100 dan ortik ilmiy maqolalarning muallifidir. Shuningdek, “Jinoyat sodir etish jarayoni” fanining umumiy va maxsus qismlari bo‘yicha, shuningdek, Kriminalistika bo‘yicha tayyorlangan darsliklar, “Jinoyat - protsessual kodeksiga sharhlar”, “O‘zbekiston yuridik entsiklopediyasi” kabi nashrlarning ham mualifidir.
Gulchehra To‘laganova 2010 - 2011 yillarda Davlat test markazi huzuridagi nostrifikatsiyalash bo‘yicha “Huquqshunoslik” sohasi ekspert komissiyasining a’zosi sifatida faoliyat olib borgan.
Dotsent Gulchehra Zohidovna 1997 yildan buyon muntazam ravishda advokatlik faoliyatini yuritadi. “Advokat” jurnali tahririyati a’zosi.
U Toshkent Davlat Yuridik universiteti Ixtisoslashgan kengash a’zosi, Ilmiy Kengash huzuridagi Ilmiy seminar raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Ilmiy maslahat kengashi a’zosi sifatida amaldagi moddiy va protsessual qonunchilikning takomillashuvida va Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalarini takomillashtirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Gulchehra To‘laganova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ”Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi”da tavsiya etilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan uning targ‘ibotida faol ishtirok etgan.
Gulchehra To‘laganova ilmiy-pedagogik faoliyati bilan shug‘ullanish bilan bir qatorda hukuqiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga sifatli va qonuniy yordam berishni tashkil qilishda ham katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Siyosiy jihatdan yetuk. Doimiy ravishda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi islohotlarni bo‘lajak huquqshunoslar ongi va tafakkuriga singdirishga intiladi. U o‘z ilmi bilan mamlakatimiz Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchilik sohalarini takomillashtirishga, bu borada olib borilayotgan islohotlarning mazmun - mohiyatini yosh avlod qalbiga to‘g‘ri va to‘liq yetkazib berishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Gulchehraxon oilali, uch farzandning mehribon onasi, uchta nabiraning sevimli buvijonisi.