Texnika fanlari doktori, professor
1947 yil 18 aprelda Rishton tumani To‘da qishlog‘ida tavallud topgan. 1953 - 1963 yillarda To‘da qishlog‘ida 7 - umumiy o‘rta talim maktabida o‘qidi. 1963 - 1968 yillarda Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) mehanika fakultetida tahsil olib, institutni “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatishga erishdi.
1968 yilda yo‘llanma orqali Paxtachilik mashinalari bo‘yicha davlat maxsus konstruktorlik byurosi (Toshkent shahri)ga muhandis - konstruktor lavozimiga ishga kirdi. Bu yerda mashhur konstruktor texnika fanlari doktori, professor Rafiq Matchonov rahbarligida zamonaviy paxta terish mashinalarini loyihalash ishlarida qatnashdi. So‘ngra R. Matchonov tavsiyasiga ko‘ra, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutiga o‘tib, “Mashinalar dinamikasi” laboratoriyasida mashhur akademik A. D. Glushchenko va R. Matchonov rahbarligida ilmiy - texnikaviy tadqiqotlar olib bordi. 1977 yili “Paxta terish mashinasi fazoviy tebranishlarining nazariy va amaliy masalalari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, texnika fanlari nomzodi bo‘ldi. Keyinchalik “Nazariy mexanika” kafedrasining dotsenti lavozimida talabalarga dars berdi.
1985 yildan boshlab O‘zFA Mexanika va inshoatlarning seysmik mustahkamligi ilmiy tekshirish institutiga ustozi A. Glushchenko bilan birga o‘tib, o‘zi boshchilik qilgan “Paxta terish mashinalari parametrlarini optimallashtirish” laboratoriyasida paxtani yerga to‘kmasdan ko‘p teradigan, ish unumi yuqori paxta terish mashinalari konstruktsiyalarini yaratish bo‘yicha nazariy - amaliy izlanishlar olib bordi. Bu izlanishlar paxta ko‘saklariga intensiv ishlov beruvchi terim apparatini yaratish va uni mashinasozlik zavodiga ishlab chiqarish uchun topshirish bilan yakunlandi.
Ma’lumki, paxta terish mashinasi yuqori unum bilan ishlashi uchun daladagi g‘o‘zaning hosildorligi katta va holati mashinabop bo‘lishi zarur. Mazkur talabdan kelib chiqib, M. Toshboltayev g‘o‘za tuplariga pog‘onali shakl beruvchi mashina konstruktsiyasini yaratdi. Bu mashina g‘o‘zaning bosh poyasi va yon shoxlari uchlarini chilpib, tuplarning ixcham holga kelishini va ko‘saklardagi paxta vazni ortishini ta’minladi.
M. Toshboltayev 1990 yilda bajargan tadqiqotlarini umumlashtirib, “Dala agrofoni - mashina - paxta tolasi” boshqariladigan modelini yaratishning texnologik va texnik asoslari” mavzusidagi dissertatsiyani yoqladi va texnika fanlari doktori ilmiy darajasini oldi. Biroz fursat o‘tib, yosh olimlarni tayyorlagani, ilmiy - amaliy kitob va monografiyalar yaratganligi inobatga olinib, 1995 yilda unga professor unvoni berildi.
Texnika fanlari doktori, professor M. Toshboltayev 1993 - 1996 yillari “Agromashta’mir” ilmiy - ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktori va 1996 – 1999yillarda”O‘zqishxo‘jta’minot ta’mir”davlat – kooperativ qo‘mitasining “Fan va yangi texnika” bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qildi. Mamlakatimizda traktorlar va qishloqxo‘jalik mashinalarini ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish texnologiyalarini takomillashtirish, tuman mashina - traktor parklari va fermer xo‘jaliklarida yangi texnika vositalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan muhandislik loyihalarini ishlab chiqarishga joriy qilish tadbirlariga rahbarlik qildi.
Professor M. Toshboltayev 12 yil (1999 - 2011) O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy - ishlab chiqarish markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritdi. Bu davrda respublika qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ilmiy ta’minlash yo‘lida tizimdagi ilmiy muassasalarda olib borilayotgan fundamental va innovatsion tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, olingan natijalarni fermer xo‘jaliklari amaliyotiga keng joriy etish ishlarini olib bordi.
Hozirda M. Toshboltayev O‘z FA Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish ilmiy - tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. Yuqori unumli yangi qishloq xo‘jaligi mashinalarini yaratish, ulardan foydalanish darajasini oshirish, paxta terish mashinalarini keng joriy etish ustida tinmay izlanishlar olib bormoqda. Adabiyotni jon dildan yaxshi ko‘radi. “Fikrat hosilalari”, “Olim, ilm, kashfiyot va taraqqiyot”, “Kuldirgilar va kuydirgilar”, “To‘daliklar” nomli kitoblari chop etilgan.
Ilmiy - amaliy faoliyati davomida o‘nlab shogirdlar tayyorladi, 56 ta monografiya va kitoblar yozdi, 400 ga yaqin ilmiy maqola e’lon qilib, yangi texnik yechimlar uchun 70 ta ixtirolik patentlari va guvohnomalarini olishga erishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga muvofiq, 2007 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun”, 2017 yilda esa “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlandi.