Sobitxon Toshpo‘latovich Turg‘unov 1965 yil 19 martda Namangan viloyati Chortoq tumani Koroskon qishlog‘ida tug‘ilgan.
1981 yilda Chortoq tumanidagi 3 - o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomladi. 1981 - 1982 yillarda Chortoq tumanidagi 84 – qurilish - ta’mirlash uchastkasida quruvchi bo‘lib ishladi.
1982 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining umum texnika fanlari va mehnat ta’limi fakultetiga o‘qishga kirdi.
1984 - 1986 yillarda harbiy xizmatni o‘tadi.
Harbiy xizmatdan so‘ng S. T. Turg‘unov o‘qishni davom ettirdi va 1990 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomlab, Chortoq tumanidagi 3 - o‘rta maktabda fizika va mehnat ta’limi o‘qituvchisi, 1991 — 1992 yillarda Namangan davlat pedagogika institutining (hozirgi NamDU) umumtexnika kafedrasi o‘qituvchisi lavozimlarida ishladi.
1992 — 1993 yillarda Moskva davlat pedagogika universitetida stajyor - tadqiqotchi vazifasida faoliyat ko‘rsatdi va 1993 yilda shu universitet qoshidagi ilmiy kengashda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi.
1993 yildan 1998 yilgacha NamDUda o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent vazifasini bajaruvchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
1998 — 2001 yillarda Namangan muhandislik - pedagogika institutida kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida ishladi.
2001 yildan Namangan viloyat pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsata borib, kafedralarda olib borilayotgan “O‘quvchilarni erkin va mustaqil fikrlashga o‘rgatishning pedagogik va psixologik omillari”, “O‘quvchilarda Vatan tuyg‘usini shakllantirishda ijtimoiy fanlarning roli”, “Barkamol avlodni tarbiyalashda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish muammolari” mavzularida olib borilayotgan ilmiy - tadqiqot ishlariga bevosita rahbarlik qilmoqda. Shu bilan birga, “O‘quvchi - yoshlarni istiqlol mafkurasi g‘oyalari ruhida tarbiyalashda xalq pedagogikasi manbalaridan foydalanish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Uning 35 dan ziyod ilmiy va o‘quv - uslubiy ishlari jurnal va to‘plamlarda chop etilgan.
S. T. Turg‘unov ayni chog‘da Sankt - Peterburg davlat pedagogik mahorat universiteti, Sankt - Peterburg davlat politexnika universiteti hamda umum ta’lim maktablari, shuningdek, Polsha davlatining malaka oshirish o‘quv dargohlari bilan ilmiy - amaliy hamkorlik qilib kelmoqda.