1940 - yilda G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan Kultura Abdullayevna Turniyozova dotsent lavozimiga erishguncha uzoq va mas’uliyatli yo‘llarni bosib o‘tdi. 1958 yilda o‘rta maktabni tugatgach, to‘g‘ri Samarqandga yo‘l oldi. Maqsad Samarqand Davlat universitetiga kirib, qolaversa, o‘z ilmini yoshlarga o‘rgatish edi. U maqsadiga erishdi. Universitetning filologiya fakulteti nemis tili bo‘limiga qabul qilindi. Uni 1963 yilda tamomlab, Samarqand tumanidagi 35 - o‘rta maktab sari yo‘l oldi. Maktab va o‘quvchilarni endi u ustoz nigoxi bilan kuzata boshladi. Xo‘p ajib olam ekan bu maskan. Savollar ketidan savollar tug‘ilar va bu savollarga o‘zi javob topardi. Ko‘p o‘tmay uni universitetining chet tillar kafedrasiga laborantlikka taklif etishdi. Kultura Turniyozova uni rad etmadi. Chunki nemis tili sirlarini yanada chuqurroq bilgisi kelardi. Oradan o‘tgan yillar nemis tili yuqori kurslar kafedrasi o‘qituvchiligidan katta o‘qituvchi lavozimigacha yetakladi. Bu orada K.A.Turniyozova “Hozirgi o‘zbek tilida sodda gap komponentlarining funktsional tahlili” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1995—1999 yillarda Samarqand Davlat Chet tillar instituti Nemis tili fonetikasi kafedrasining dotsenti lavozimida ishlab keldi. Ayni paygda SamDChTI nemis filologiyasi fakulteti Fonetika va grammatika kafedrasining dotsenti lavozimidadir.
Olima - pedagog bu vaqtgacha 22 ta ilmiy - uslubiy maqolalar chop ettirdi. Ilmiy - amaliy anjumanlarda ma’ruza bilan katnashib kelmoqda. 1 kurs o‘zbek guruxi talabalari uchun mo‘ljallangan “Nemis tili” darsligi Oliy ta’lim vazirligiga nashr qilish uchun taqdim etilgan.
K.A.Turniyozova guruh murabbiysi sifatida talaba - yoshlar o‘rtasida ham ma’naviy - ma’rifiy ishlar olib bormoqda. 2000 yilda u “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.