Texnika fanlari nomzodi, dotsent
1950 yil 8 may kuni Rishton shahrida tavallud topdi. 1965 - 1967 yillarda Rishton tumanidagi “Rishton” davlat xo‘jaligida ishchi bo‘lib ishladi. 1967 yilda shahardagi 2 - sonli maktabni a’lo baholarga bitirib, Farg‘ona politexnika instituti qurilish fakultetiga “Sanoat va fuqaro qurilishi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirdi.
Institutda o‘qish davomida u a’lochi va faol jamoatchi talaba sifatida tanildi. Talabalar ilmiy anjumanlarida qatnashish bilan birgalikda, yozgi ta’til davrlarida Qirguli mavzesida joylashgan 8-qurilish trestining bir qancha qurilish tashkilotlarida, Farg‘ona shahrining katta zavodlari qurilishlarida o‘zining kamtarin mehnati bilan qatnashdi.
1972 yilda Farg‘ona politexnika institutini muvaffaqiyatli tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yo‘llanmasi asosida 1972 yil 1 iyuldan boshlab institutning qurilish fakulteti “Qurilish mexanikasi” kafedrasi assistenti lavozimida pedagogik faoliyatini boshladi. 1977 yilning 25 dekabridan 1981 yilning 1 yanvarigacha Toshkent politexnika institutining (hozirgi Toshkent arxitektura qurilish instituti) qurilish fakulteti “Qurilish konstruktsiyalari” kafedrasi qoshidagi kunduzgi bo‘lim aspiranturasida texnika fanlari nomzodi, dotsent Q.I.Ro‘ziev rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi.
1986 yilning 23 may sanasida Tallin politexnika instituti (hozirgi Estoniya davlat texnika universiteti) ixtisoslashtirilgan Ilmiy Kengashida “Metall - yog‘och reshetkali fazoviy strukturasimon konstruktsiyalarni ishlab chiqish va hisoblash” mavzusidagi fan nomzodligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U ilmiy tadqiqot va ilmiy - uslubiy ishlarini davom ettirib, 1990 yili Oliy attestatsiya komissiyasining “Qurilish mexanikasi va qurilish konstruktsiyalari” kafedrasi dotsenti ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Mehnat faoliyati davomida u kafedra assistenti (1972 - 1976), katta o‘qituvchi [1977 - 1986], qurilish fakulteti dekani muovini (1981 - 1997), qurilish fakulteti “Bino va inshootlar qurilishi” kafedrasi mudiri (2003 - 2006), qurilish fakulteti dekani (1998 - 2000), institut magistratura bo‘limi boshlig‘i (2006 - 2013) vazifalarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. 2013 yildan boshlab qurilish fakulteti “Bino va inshootlar qurilishi, geodeziya, kartografiya va kadastr” kafedrasida dotsent vazifasida ishlab kelmoqda.
S. Tursunov mehnat faoliyati davomida ikkita darslik, uchta o‘quv qo‘llanma, 70 dan ortiq ilmiy maqola va tezislarni xalqaro, respublika va institut miqyosidagi jurnallar va anjuman tezislari to‘plamlari sifatida nashr ettirgan. Ilmiy tadqiqotlari natijalarining yangiligi 3 ta mualliflik guvohnomalari bilan himoya qilingan. Uning muallifligida 15 dan ortiquslubiy qo‘llanma va ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan, o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan.
Uning hammuallifligida kasb - xunar kollejlari uchun yozilgan “Bino va inshootlar qurilishi” darsligi Osiyo Taraqqiyot banki tanlovida bosh mukofotga sazovor bo‘lgan. Uning kamtarona mehnati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining uchta faxriy yorlig‘i (1997, 1998, 2004 yillar) bilan taqdirlangan, u Farg‘ona politexnika institutida xizmat ko‘rsatgan dotsent faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.