Surati siyratiga mos, qunduz qoshlari , jayron ko‘zlari chaqnab turgan Manzuraxon Usmonova bilan , ularning oilalari bilan tanishganimda haqiqiy ziyolilar oilasiga duch kelib qolganimni his etgan, turmush o‘rtoqlari – istefodagi II rang kapitani Temur Valiev , jajji qizaloqlari Layloxon va eng muhimi, onalari – bo‘ronlarni dog‘da qoldirib omon chiqqan , o‘zbek ayollar matbuotining karbondoshlaridan biri, birinchi profsssional jurnalist Sobira aya Xoldorova menda kuchli taassurot qoldirgan edi.
O‘sha yillari Manzuraxon fizika fanlari nomzodi, yadro-fizika institutining ilmiy kotibi bo‘lib ishlardi.
Usmonova Manzura Mo‘minovna 1932 yilning 30 sentyabrida Toshkent shahrida tug‘ildi. 1950 yil Toshkent shaxridagi 43-o‘rta maktabni tugallab, shu yili Leningrad Davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirdi. 1952 yildan sog‘lig‘i tufayli o‘qishni O‘rta Osiyo Davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘tkazib, 1955 yilda o‘qishni tugallaydi. Yo‘llanma bilan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasiga qarashli Fizika-texnika institutiga kiradi. 1956—1957 yillarda Dubna shahridagi Yadroviy tadqiqotlar birlashgan institutida stajirovka muddatini o‘tagandan so‘ng, 1958 — 1960 yillarda Fizika-texnika institutining aspiranturasini tugatib, Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimdan boshlab ilmiy ishini davom ettiradi va 1963 yil «Borning elektr-fizik xossalarini o‘rganish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1964—1970 yillarda institutning ilmiy kotibi, 1970-1998 yillarda «Sof moddalarning aktivatsion tahlili» laboratoriyasining mudiri, 1978—1988 yillarda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini vazifalarida ishladi. 1989 yilda «O‘ta sof moddalarning element tarkibi va aralashmalar taqsimotini yadro-fizikaviy usullar bilan tekshirish» mavzusida doktorlik disserta- tsiyasini yoqlab, 1991 yil professor unvoniga ega bo‘ldi. 1998 — 2006 yillarda bosh va yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishladi.
2006 yildan buyon nafaqada — barcha mehnatu amallarining nashidasidan bahramand bo‘lmoqda.