Geografiya fanlari nomzodi, dotsent
1925 yil 25 noyabrda Namangan viloyati Chust shahrida tug‘ilgan. Shahardagi o‘rta maktabni 1943 yilda alo baholarga tugatib, 1944 yilda armiya xizmatida bo‘lgan. Urushdan so‘ng Toshkent davlat universitetining geografiya fakultetiga o‘qishga kirib, 1949 yilda imtiyozli diplom bilan tamomladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo‘llanmasiga asosan Farg‘ona davlat pedagogika institutiga ishga yuborildi.
M. Valixonov Farg‘ona davlat pedagogika institutining geografiya kafedrasida umrining oxirigacha faoliyat olib bordi.
1961 - 1962 yillarda Toshkent davlat universitetining iqtisodiy geografiya kafedrasi aspiranti sifatida o‘qishni davom ettirdi. 1963 yilda Toshkent davlat universiteti geografiya fakultetining ilmiy kengashida ”So‘x vohasining iqtisodiy geografiya xarakteristikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Urushdan keyingi davrda geografiya kafedrasida o‘quv va tarbiyaviy ishlarni yaxshilash, milliy kadrlar tayyorlashga katta etibor qaratildi. M.Valixonov bu sohada Toshkent, Leningrad, Moskva, Kiyev va boshqa universitet hamda ilmiy tadqiqot institutlari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatdi. Kafedra faoliyatida, o‘quv, ilmiy, uslubiy, tashkiliy va tarbiyaviy ishlarni olib borishda faol ishtirok etdi. Natijada, kafedraning o‘quv moddiy negizi ancha yaxshilandi, talabalar soni ko‘paydi va o‘quv samaradorligi yanada oshdi.
U 1964 - 1975 yillarda geografiya kafedrasiga mudirlik qildi. Bu davrda kafedrada turli ilmiy yo‘nalish va maktablar shakllana boshlandi hamda ko‘pgina ilmiy tadqiqot natijalari elon qilindi.