Xadjayeva Lyudmila Vladimirovnaning tarjimai holini ko‘zdan kechirayotib shu xayollar o‘tdi yurakdan.
Lyudmila Vladimirovna 1948 yil 2 mayda Abxaziya Respublikasida tug‘ilgan. 1966 yil O‘zbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 13 - o‘rta maktabni tamomlab, Toshkent Davlat universitetiga o‘qishga kiradi. 1971 yil rus filologiyasi fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab Sirdaryo Davlat Pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetiga ishga yuboriladi. 1971 yilning avgust oyidan boshlab, to shu kunga qadar Guliston Davlat universiteti rus tili va adabiyot kafedrasida ishlab kelmoqda.
Lyudmila Vladimirovna 1974 yilda M.V.Lomonosov nomli Moskva Davlat universiteti Filologiya fakulteti aspiranturasiga o‘qishga kiradi. 1978 yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab, 1980 yilda nomzodlik dissertatsiyasini ham himoya qiladi.
“Daraxt bir yerda ko‘karadi” — deya bejiz aytilmagan. Lyudmila Vladimirovna oddiy o‘qituvchilikdan, katta o‘qituvchilik, fakultet dekani muovini lavozimlariga qadar ko‘tarildi. 1996 yilgacha Rus tili kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. 1992 yildan shu kungacha Rus tili va adabiyoti kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
L.V.Xadjayeva rus tili fanidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borib, turli uslubiy qo‘llanmalar, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida elektron versiyalar, ma’ruza matnlari va uslubiy ko‘rsatmalar tayyorlagap. Sirdaryo viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida litsey va kollej o‘qituvchilari uchun qo‘llanmalar tayyorlab, mashg‘ulotlar ham olib bormoqda. Lyudmila Vladimirovna “Xalq maorifi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Mehnat faxriysi” medali bilan taqdirlangan. 50 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirgan.