Xadjimetova Dilorom Jo‘rayevna yosh mutaxassislarni tayyorlashdek xayrli va mashaqqatli faoliyatni amalga oshiradi.U Jizzax davlat pedagogika institutining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.
Dilorom Jo‘rayevna talabalarga rus tili va adabiyoti fanining zukko bilimdoni sifatida adabiyot nazariyasi, rus adabiyoti tarixi tanqidchiligi, tarjima nazariyasi va amaliyoti, XIX asr adabiyoti tarixi kabi fanlardan mukammal bilim berib kelmoqda.
D.Xadjimetova darslarni interaktiv usullardan foydalangan holda shogirdlarga singdirib, ularga yoshlikning g‘animat ekanligini, hozirda mamlakatimizda davlatimiz tomonidan bilim olishga keng imkoniyatlar yaratilganligidan unumli foydalanishni uqtiradi.
U kasbiga umrini bag‘ishlab, qalb ko‘rini bergani uchun ham “mehribon va g‘amxo‘r ustoz” degan nomni oldi. Bu esa uning hurmatga sazovor fazilat egasi ekanligidan dalolat.
D.Xadjimetova talabalarga kasbiy mahorat sirlarini o‘rgatish yo‘lida qator o‘quv, ilmiy, ilmiy - uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. U MDH mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari uchun rus tili va adabiyoti fanlaridan darsliklar tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhi a’zosidir.
Uning nomzodlik ishi “Sharof Rashidov ijodida baynalmilallik” mavzusida yaratilgan bo‘lib, olima aynan ilmiy ishida bayon etgan fikrlarini hayotga ham tatbik etib boradi.
D.Xadjimetova yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida rus tili va adabiyoti o‘qituvchilariga ma’ruzalar o‘qiydi va amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Shuningdek, u O‘zbekiston maktablarining 5 - 9-sinflari uchun kommunikativ uslub asosida yaratilgan yangi dastur va darsliklarni sinovdan o‘tkazishda faol ishtirok etgan.
Dilorom Jo‘raevna o‘zi mehnat kilayotgan kafedra va institut tomonidan o‘tkazilayotgan ma’naviy - ma’rifiy tadbirlarni uyushtirishda faol ishtirok etib, yoshlarni ozod va obod yurtda yashash baxtiga muyassarligidan faxrlanishga da’vat etadi.
Dilorom Xadjimetovaning turmush o‘rtog‘i G‘ofurov Turob G‘ulomovich ham Jizzax tibbiyot kollejida rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi. O‘g‘illari Azizjon va Ravshanjonlar esa onalarining yuksak niyatlarini hamisha qo‘llab - quvvatlab turadilar.