O‘zbekiston Milliy universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi professor vazifasini bajaruvchi, filologiya fanlari doktori Xolmanova Zulxumor Turdiyevna O‘zbek tili tarixi, leksikologiya, leksikografiya, turkiy tillar qiyosiy - tarixiy grammatikasi sohalari bo‘yicha mutaxassis. Turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili tarixi, tarixiy terminologiya va leksikologiya, leksikografiya yuzasidan izlanishlar olib borgan. Olingan natijalar tadqiqotchilarga, magistrantlarga, talabalarga turkiy tillar, jumladan, o‘zbek adabiy tili tarixi, leksikasi hamda uning rivojlanish bosqichlari haqida muhim ma’lumotlar berishi bilan ahamiyatlidir.
Olima tomonidan yuzdan ortiq ilmiy - metodik ish chop etilgan. Xususan, 2 ta monografiya, 5 ta qo‘llanma, 1 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta ma’ruzalar matni, 5 ta namunaviy dastur, 90 dan ortiq maqola va tezislari shular jumlasidandir.
Xolmanova Zulxumor Turdiyevna ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashda faol ishtirok etib keladi. 8 nafar magistr tayyorlagan. Hozirda 3 ta doktorlik dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchilik qilmoqda.
Olima til tarixi, tarixiy leksikologiya, sotsiolingvistika, psixolingvistika yo‘nalishlaridagi dissertatsiya, monografiya, risola va ilmiy maqolalarga taqriz berishda faol ishtirok etib kelmoqda. Shuning barobarida Respublika ta’lim markazi tahrir hay’ati a’zosi, taqrizchi sifatida umumta’lim maktablari uchun yaratilgan ona tili darsliklaridagi nuqsonlarni bartaraf etishga, darslik sifatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shib keladi.
Zulxumor Xolmanova fakultet bakalavriat yo‘nalishida “Tilshunoslik nazariyasi”, “Kompyuter lingvistikasi”, “Til tarixi”, “Turkiy tillarning qiyosiy - tarixiy grammatikasi”, magistratura mutaxassisligida “Nazariy tilshunoslik masalalari”, “Semasiologiya” fanlaridan dars olib boradi. U bakalavriat va magistratura uchun qayd etilgan fanlarning namunaviy va ishchi dasturlarini yaratishda va ularni zamon talabiga mos darajada takomillashtirishda faol ishtirok etadi.
Zulxumor Turdiyevna o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar yaratishda samarali ish olib bormoqda. “Boburnomaning uslubiy hususiyatlari” (2003), “Tilshunoslikka kirish” (2007), “Hozirgi o’zbek adabiy tili” (2013) talabalar uchun tegishli fanlarni o‘zlashtirishda asosiy manba sifatida xizmat qilib kelmoqda va bu qo‘llanmalardan Respublikaning boshqa Oliy o‘quv yurtlari, akademik litseylarda ham foydalanilmoqda. “Turkiy tillarning qiyosiy - tarixiy grammatikasi” (xammualiflikda) o‘quv qo‘llanmasi vazirlik tasarrufidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash muhokamasidan o‘tib, nashrga tavsiya etilgan. “Kompyuter lingvistikasi” o‘quv qo‘llanmasi nashrga tayyorlangan.
Zulxumor Xolmanova universitetning ma’naviy - ma’rifiy va jamoat ishlarida ham faol. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik,ta’lim - tarbiya sohalarining muhim masalalariga bag‘ishlangan mavzulardagi radio eshitttirishlarda va teleko‘rsatuvlarda muntazam ravishda qatnashib keladi.
Bir necha yildan buyon fakultet o‘quv - uslubiy kengashi a’zosi, 2014 yildan o‘quv - uslubiy kengash raisi. Kafedrada tashkil etilgan “Lingvist” ilmiy to‘garagi rahbari hamda shu to‘garakning doimiy nashri bo‘lgan “Lingvist” to‘plami muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Olima rahbarligidagi iqtidorli talabalar turli tanlovlarda, respublika miqyosidagi va xalqaro konferentsiyalarda, respublika olimpiadalarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Xolmanova Zulxumor Turdiyevna kamtarin, ko‘p yillik pedagogik mahoratga, metodik tajribaga ega. O‘ziga va talabalarga nisbatan talabchan, o‘z ilmiy - pedagogik salohiyatini oshirish ustida tinmay izlanish olib boradi. Darslarni zamonaviy pedtexnologiya asosida tashkil etadi. Ta’lim jarayonida zamonaviy pedtexnologiyadan foydalanish samaradorligi haqida maqolalar e’lon qilgan.
Radio va televidenieda beriladigan eshittirish va ko‘rsatuvlarda mutaxassis sifatida chiqishlar qiladi, faol qatashadi. Olima L. Abduhamidova bilan hamkorlikda “Alifboni o‘qitish”, “O‘zbek tilini o‘rgatish” ovozli dasturini yaratgan. Iqtidorli talabasi L. Abduhamidova Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lganligi uni quvontirdi.
Zulxumor Xolmanova 2015 yilda o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasining eng yaxshi pedagogi” Respublika tanlovi g‘olibi bo‘lgan.
Zulxumorxon - oilali. Ikki o‘g‘il, bir qizning mehribon onasi.