Fizika – matematika fanlari nomzodi, dotsent
1940 yil 14 iyulda Farg‘ona shahrida tavallud topgan. 1957 yili Farg‘ona shahridagi 1- maktabni tamomlab, Farg‘ona davlat pedagogika institutining fizika - matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. 1962 yilda ushbu fakultetni matematika va chizmachilik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Shu yili elementlar matematika kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishga qoldirildi. 1963 - 1964 yillarda shogird –tadqiqotchi sifatida ilmiy faoliyatini boshladi. 1964 - 1967 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Matematika institutida akademik S. X. Sirojiddinov rahbarligida aspiranturada o‘qidi. 1967 - 1971 yillar mobaynida FDPI ning matematik tahlil, algebra va sonlar nazariyasi kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi vazifalarida ishladi. 1971 yilda O‘z FAning fizika - matematika va texnika fanlari bo‘lmi bo‘yicha “Yaxlitlashdagi xatoliklar taqsimotlari haqida” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1976 yilda unga dotsent unvoni berildi. 1971 - 1980 yillar davomida algebra va sonlar nazariyasi kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, fakultet dekani o‘rinbosari vazifalarida ishladi. 1980 - 1987 yillarda matematika fakulteti dekani, 1987 - 1996 yillarda oliy matematika kafedrasi mudiri lavozimlarida mehnat qildi. 1996 yildan 2014 yili nafaqaga chiqqunga qadar amaliy matematika va informatika kafedrasi dotsenti lavozimida faol mehnat qildi.
Uning 3 ta o‘quv qo‘llanmasi, jumladan, “Matematik statistikadan masalalar yechish bo‘yicha qo‘llanma” (M. Akbarov, A. E. Madraximov bilan birgalikda, 2005), “Jarayonlar tadqiqoti” (K. Karimov bilan hammualliflikda, 2013), “Matematik modellashtirish” o‘quv qo‘llanmalari (K. Karimov bilan hammualliflikda, 2015) nashrdan chiqarildi. Shuningdek, 2 ta uslubiy qo‘llanma va bir nechta uslubiy ko‘rsatmalar chop ettirgan. Xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan.
“O‘zbekistan xalq maorifi a’lochisi”, “Fuqaro mudofaasi a’lochisi” ko‘krak nishonlari, O‘zbekiston Maorif vazirligining, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan. Q.Holmatov “Mehnat faxriysi” medali bilan taqdirlangan hamda “Farg‘ona davlat universitetida xizmat ko‘rsatgan dotsent” unvoniga sazovor bo‘lgan.
O‘z faoliyati davomida 30 dan ortiq ilmiy uslubiy maqolalar chop ettirgan.