Pedagogika fanlari bo‘yicha falasafa doktori
1982 yil 18 martda Rishton tumanidagi Bo‘jay qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni 1999 yili a’lo baholarga, 2003 yili esa Guliston davlat universiteti fizika - matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2004 - 2006 yillarda shu universitetda “Amaliy matematika” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada grant asosida tahsil olgan. 2006 - 2009 yillarda “Matematika o‘qitish metodikasi” yo‘nalishi bo‘yicha aspiranturada o‘qigan.
Xonqulov 1 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta o‘quv - metodik qo‘llanmalar muallifi. Uning “Kombinatorika, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” nomli elektron o‘quv adabiyotiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan № DGU 03795 raqamli guvohnoma berilib, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar davlat reestrida 2016 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va amaliyotda foydalanishga ruxsat berilgan.
Ilmiy faoliyati davomida 23 ta maqolasi, jumladan, 18 tasi respublika, 5 tasi Germaniya, Rossiya, AQSh kabi davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan. Ko‘plab tezislari xalqaro ilmiy konferentsiya materiallari to‘plamida nashr qilingan.
Xonqulov 2015 yili “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv qo‘llanmasi muallifi” Respublika tanlovining g‘olibi bo‘lib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda “Iste’dod” jamg‘armasi tomonidan III-darajali diplom bilan taqdirlangan.
Shuningdek, 2015, 2016 yillarda “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovining “Eng yaxshi pedagog – tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha respublika bosqichlarida faol ishtirok etgan. Ayni paytda Yoshlar Ittifoqining Sirdaryo viloyatida olib boriladigan iqtidorli yoshlarni qo‘llab - quvvatlovchi turli tad birlarida hay’at a’zosi sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ulug‘bek Xonqulov 2018 yili pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun akademik Sh.Q.Farmonov rahbarligida “Akademik litseylarda matematikaning stoxastika yo‘nalishi elementlarini o‘qitishning pedagogik imkoniyatlarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.