Pedagog va olimalik vazifalarini birdek sharaf bilan bajarib kelayotgan, o‘z mehnati, ilmi, erishgan yutuqlari bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topib, hurmat - e’zozda bo‘layotgan ayollardan biri dotsent, kimyo fanlari nomzodi Yeshbayeva Ulbosin Jamalovna.
Ulbosin Yeshbayeva 1994 yili Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat institutini tugatib, o‘quv yurtida pedagog, 2002 yildan mazkur institutning “Matbaa va qadoqlash jarayonlari texnologiyasi” kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
Ulbosin Yeshbayevaning mehnat faoliyati davomida jami 150 dan ortiq ishi e’lon qilingan, shulardan “Bumaga iz alternativnogo i vtorichnogo siyrya” nomli mono- grafiya, 3 ta patent, 60 dan ortiq ilmiy maqola, 60 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy - amaliy anjumanlarida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan, bakalavriat talabalariga “Maxsus bosma jarayoni texnologiyasi asoslari” fanidan darslik, “Bosish jarayoni texnologiyasi” va “Bosish uskunalari” fanlaridan o‘quv qo‘llanma, 6 ta ma’ruzalar matni, 18 ta o‘quv - uslubiy ishlari chop etilgan. Ulbosin Yeshbayeva tomonidan tuzilgan o‘quv va uslubiy qo‘llanmalardan o‘quv jarayonida to‘liq foydalanib kelinmoqda.
Ulbosin Jamalovna qog‘oz ishlab chiqarishda millii xom ashyomiz paxta tsellyulozani tejash maqsadida, uning tarkibiga kimyoviy tola chiqindilarini qo‘shib qog‘oz olish borasida ilmiy ish olib bormoqda. 2008 yili “Pechatno - texnicheskie svoystva noviyx vidov bumag, soderjashix ximicheskie volokna” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, hozirda “Bumaga dlya ofsetnoy pechati s vvedeniem ximicheskix polimerov i yeyo pechatno - texnicheskie svoystva” mavzusida doktorlik ilmiy ishini himoya qilish arafasida. Ilmiy ishning amaliy ahamiyati shundaki, nazariy va tajribaviy tadqiqotlar asosida qog‘oz massasi tarkibiy qismi paxta tsellyulozasi va kimyoviy tola chiqindilaridan foydalanib, yangi qog‘oz olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Qimmatbaho xom - ashyo qohoz tsellyulozasi zaxirasini kengaytirishning yana bir imkoniyati sifatida, Respublika korxonalarida yuzaga keladigan tolali chiqindilarni qo‘llash sohasini kengaytirish va olingan yangi qog‘oz turini matbaa sanoatiga tadqiq etilishini ko‘rsatish mumkin.
Olima ilmiy ish yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritilgan davlat dasturlarida bajaruvchi sifatida qatnashgan. Bugungi kunda “Payvandlangan tabiiy va sintetik sopolimerlar asosida tolali materiallar olish” mavzusidagi davlat byudjetida asosiy bajaruvchi sifatida ishtirok etmoqda. Ulbosin Yeshbayeva tajribali pedagog, izlanuvchan olima sifatida, ishga mas’uliyat bilan yondoshishi bilan hurmat qozongan.