O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Ziyayeva Dono Hamidovna

Ziyaeva Dono Hamidovna    Tarix fanlari doktori , professor Ziyaeva Dono Hamidovna  taniqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Hamid Ziyoev oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. Yoshligidan kitoblar dunyosi qurshovida bo‘lgan Dono Ziyaeva o‘z umrini ilm ziyosi bilan yoritayotgan olimalardan.
    Olima O‘zRFA Tarix institutida 1998 yildan boshlab bo‘lim mudiri, 2000-2005 yillarda esa ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ish olib bordi. 1998 yildan boshlab  hozirga qadar O‘zR FA tarix institutining "O‘zbekistonning XIX-XX asrlar tarixi" bo‘limi mudiri sifatida ishlab kelayotgan Dono Ziyaeva rahbarligi va bevosita ishtirokida 10 ga yaqin muhim, amaliy va innovatsion loyihalar amalga oshirildi. Uning ilmiy tadqiqotlari O‘zbekistonda XIX-XX asrlarda kechgan ijtimoiy-siyosiy, iktisodiy, ma’naviy va madaniy jarayonlar taxliliga bag‘ishlangan.
    Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari o‘zbek xalqining milliy ozodlik harakatlari tarixshunosligi masalalariga bag‘ishlangan. Dono Ziyaeva so‘nggi 16 yillik ilmiy faoliyati davomida o‘z e’tiborini O‘zbekiston tarixining muhim, hanuzgacha maxsus tadqiqot markazi sifatida o‘rganilmagan dolzarb masalalariga qaratdi. Olima ilmiy tadqiqot jarayoniga yangicha yondoshib, tarixiy voqealarni odatiy qisqa davr oralig‘ida o‘rganish an’analaridan voz kechib, juda katta tarixiy davr oralig‘ida - eng qadimdan hozirgacha, bosqichma-bosqich taxlil etishga jazm etdi.
    Dono Ziyaeva o‘z ilmiy faoliyati davomida O‘zbekistonning mustamlaka davri tarixiga alohida e’tibor qaratdi. Uning rahbarligi va ishtirokida olimlar jamoasi tomonidan O‘zbekistonning mustamlaka davr tarixiga bag‘ishlangan, yangi kontseptual va nazariy yondoshuvlarga asoslangan muhim tadqiqot yaratildi.
    Ayni paytda olima rahbarligi va bevosita ishtirokida O‘zbekistonning mustamlaka davr tarixiga bag‘ishlangan ilk xrestomatiya tayyorlanib, chop etildi. Ko‘p jildli "O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi" ning IV jildi bo‘lmish ushbu tadqiqotda arab alifbosida bitilgan fors, arab, o‘zbek tillaridagi noyob qo‘lyozmalar, davriy matbuot namunalari, rus va sharq tillaridagi arxiv hujjatlari, ingliz tilida chop etilgan sayohatnoma, memuar asarlardan namunalar ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Ushbu asarning chop etilishi O‘zbekiston tarixi manbashunosligining muhim yutug‘i bo‘lib, nafaqat tarixchilar, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham O‘zbekiston tarixining yangi sahifalarini, noyob tarixiy ma’lumotlarni yetkazib berdi.
    Dono Ziyaeva bir nechta yirik monografiyalar, 100 ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Shuningdek, u O‘zR FA tarix instituti olimlari jamoasi tomonidan bir nechta yirik to‘plam monografiyalar, Samarqand, Marg‘ilon kabi shaharlarning yubiley albomlarini tayyorlashda hammuallif sifatida ishtirok etgan. Oliy ta’lim tizimi magistratura bosqichi uchun O‘zbekiston tarixi va tarixshunoslik bo‘yicha qator maxsus kurslar va dasturlar yaratgan, o‘kuv ko‘llanmalari tayyorlashda ishtirok etgan.
    2014 yilda nashrdan chiqqan "O‘zbekiston shaharlari XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida" nomli monografiyasida Dono Ziyaeva juda keng turdagi mahalliy va xorijiy manbalarda saqlanib qolgan tarixiy ma’lumotlarni misqollab to‘plab, mintaqadagi 50 ta shahar va shaharchalar qiyofasi va holatini tiklashga, mamlakatimiz hududida kechgan urbanizatsiya jarayonlarini tahlil qilishga muvaffaq bo‘ldi.
    Professor Ziyaeva Dono Hamidovna 2005-2007 yillarda AQSh Davlat Departamentining "Qiyosiy dinshunoslik" mavzusida olib borilgan xalqaro byudjetida faol ishtirok etib, 2006 yilda Sietl shahridagi Vashington universitetining "Yaqin Sharq tillari va madaniyati" departamentida talabalar uchun "O‘zbekistonda milliy ozodlik harakatlari tarixi" mavzusida ma’ruzalar olib bordi.
    Dono Ziyaeva o‘z ilmiy izlanishlar va qiziqishlari davomini shogirdlari - yosh olimlar faoliyatida ko‘rib, ilmiy maktabini shakllantirib kelayotgan olimadir. Uning ilmiy rahbarligida so‘nggi 15 yil davomida 17 ta fan nomzodlari, 3 ta fan doktori, 1 ta PhD  ilmiy darajasiga ega bo‘lgan yosh olimlar yetishib chiqdi. Ular orasida Janubiy Koreya va Qozog‘iston fuqarolari ham bor. Bugungi kunda Dono Ziyaeva O‘zR FA tarix institutida bo‘lim mudiri sifatida faoliyat yuritib, yirik asosiy loyihaga rahbarlik qilmoqda. U oilali, uch farzandning onasi, taniqli olim Hamid Ziyoev asos solgan tarixchilar sulolasining davomchisidir.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar70



Tabiiy fanlar10



Filologiya10