Ziyodullayev Saidkarim (15.10.1913, Toshkent) - iqtisodchi olim, Oʻzbekiston FA akademigi (1974), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi (1973), iqtisod fanlari doktori (1966), professor (1982). Moskva kommunal qurilish institutini tugatgan (1938). Oʻzbekiston Qurilish materiallari sanoati vaziri (1946 - 1948), Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi oʻrinbosari va Davlat plan komitetining raisi (1948 - 1955; 1957 - 1974), Oʻzbekiston shahar va qishloq qurilishi vaziri (1955 - 1956), Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi oʻrinbosari va Mirzachoʻl yerlarini sugʻorish va oʻzlashtirish Bosh boshqarmasi boshligʻi (1956 - 1957). Oʻzbekiston FA ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganish kengashi raisi (1974 - 1989), Iqtisodiyot institutida maslahatchi (1989 yildan). Ilmiy ishlari Oʻzbekiston sanoati va uni rivojlantirish masalalari, rejalashtirish, kapital qurilish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirish, muammolariga bagʻishlangan. “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan (1994).