Romen Abdullayevich Zohidov (17.12.1937, Toshkent) - geliotexnik olim, Oʻzbekiston FA akademigi (2000), texnika fanlari doktori (1984), professor (1986). Moskva energetika institutini tugatgan (1961). Shu institutda katta ilmiy xodim (1966 - 1969), Oʻzbekiston FA Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim (1969 - 1971), Ilmiy asbobsozlik loyiha konstruktorlik va texnologiya Markaziy byurosi direktori (1971 - 1986), Energetika va avtomatika instituti direktori (1986 yildan). Ilmiy ishlari, asosan, geliotexnikaning dolzarb masalalariga, yuqori potensialli jamlovchi tizimlar nazariyasini hisoblash, loyihalash va yaratish texnologiyasi hamda ularni materiallarni sinashda, mahsulotlar va energetik qurilmalarda qoʻllashga bag‘ishlangan. Zohidovning ilmiy ishlaridan quyosh elektr stansiyasini (Qrim), yuqori tempaturali issiqlik fizikasi kompleksini (Mahachqala sh.), Quyosh pechini (Yerevan), yuqori tempraturali stendlarni (“Kvant” IICHB) yaratishda foydalanilgan.