Zohidov Vohid Yoʻldoshevich - (14.12.1914, Toshkent - 19.07.1983) adabiyotshunos olim, faylasuf, publitsist. Oʻzbekiston FA akademigi (1966), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1964), falsafa fanlari doktori (1946), professor (1949). Ozarbayjon pedagogika institutini tugatgan (1933). Oʻzbekistonning turli oliy oʻquv yurtlarida dars bergan (1933 - 1935; 1938 - 1966), Oʻzbekiston FA da ilmiy xodim, akademik-kotib (1943 - 1948), Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti direktori va boʻlim mudiri (1949 - 1953), Toshkent davlat pedagogika instituti professor (1953 - 1957), “Sharqyulduzi” jurnali (1949), “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasi bosh muharriri (1959 - 1962), Oʻzbekiston FA Til va adabiyot institutida boʻlim mudiri (1957 - 1964), Hamza nomidagi Sanʼatshunoslik instituti direktori (1964 - 1967; 1970 - 1983), Oʻzbekiston Madaniyat vaziri (1967 - 1970). Ilmiy ishlari Oʻrta osiyolik mutafakkir va shoir (Beruniy, Navoiy, Bobur, Ogahiy, Furqat va b.)lar hamda qardosh turkiy xalqlar adabiyoti vakillari (Nizomiy, Abay va boshqalar) ijodiga bagʻishlangan. Madaniy meros va adabiy hayotning muhim masalalariga oid monografiyalar (“Oʻzbek adabiyoti tarixidan”, 1961; “Donolar davrasi”, 1973; “Nafosat ijodkori”, 1980 va boshqalar), publitsistik asarlar (“Inson va zamon sadosi”, 1961; “Sharqni sharaflab”, 1973 va boshqalar) muallifi. Zohidovning ilmiy rahbarligi va tahriri ostida “Oʻzbek adabiyoti” (5 jild, 7 kitob) nashr etilgan, “Navoiy asarlari” ni oʻzbek (15 jild, 1961 - 1968) va rus tillarida (10 jild, 1968 - 1970) nashrga tayyorlashda qatnashgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1973). Toshkent koʻchalaridan biriga uning nomi qoʻyilgan.