Zokirov Islom Zohidovich (27.01.1928, Samarqand - 21.01.2000) akusher-ginekolog , Oʻzbekiston FA akademigi (1995), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), tibbiyot fanlari doktori (1965), professor (1967), SamTIni tugatgan (1948), shu institutda klinik ordinator (1948 - 1951), akusherlik va ginekologiya kafedrasi assistenti, dotsenti (1951 - 1959), mudiri (1959 yildan). Zokirovning ilmiy ishlari homiladorlik va ekstragenital patologiya, gestozlar, perinatologiya, jinsiy aʼzolar oʻsmalarining klinikasi va epidemiologiyasi; homiladorlik, tugʻruq va homilaga tegishli noxush omillarni barvaqt aniqlash, homiladorlikning muddatidan ilgari barham topish patogezida immunologik, gormonal, fetoplatsentar sistemalar yetishmovchiligini zamonaviy usullar bilan oʻrganishga bagʻishlangan. “Normal akusherlik”, “Patologik akusherlik” oʻquv qoʻllanmalari, “Akusherlik terminlarining ruscha - oʻzbekcha izohli lugʻati” muallifi. “Shuxrat” medali (1994) bilan mukofotlangan.