
Zokirov Qodir Zokirovich (25.07.1906, Jalolobod - 09.08.1992, Toshkent) botanik, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1956), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1956), biologiya fanlari doktori (1951), professor (1951). Samarqand Davlat Universitetini tugatgan (1933). Oʻrta Osiyo universiteti oʻsimliklar sistematikasi va geografiyasi kafedrasi dotsenti (1941 - 1943), Nizomiy nomidagi Toshkent pedogogika instituti botanika kafedrasi mudiri (1943-1952), Oʻzbekiston FA Botanika instituti direktori (1952 - 1956), Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi FA prezidenti (1957 - 1961). Fargʻona pedagogika instituti rektori (1963 - 1966), 1966 yildan Oʻzbekiston FA Botanika instituti Oʻsimliklar resursi boʻlimi mudiri. Ilmiy ishlari oʻsimliklar (taksonomik birliklar) sistemasi, flora, oʻsimliklar qoplami va oʻsimliklar xom ashyolarini oʻrganishga oid. Oʻsimlikshunos - sistematik sifatida kampirchopondoshlar, torondoshlar, koʻknordoshlar, hiloladoshlar oilalarni oʻrganib, yangi turkum va turlarni kashf etdi. Oʻzbek tilida botanika terminlarini yaratishga asos soldi. Koʻp jildli “Oʻzbekiston florasi” ni tuzishda faol qatnashdi. “Ruscha-oʻzbekcha botanika atamalarining qisqacha izohli lugʻati” ni (boshqa mualliflar bilan birga, 1963), keyinchalik “Botanikadan ruscha-oʻzbekcha ensiklopedik lugʻat” ning I jildini chop etdi (X. Jamolxonov bilan hamkorlikda). Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1968)