Sayyora Zokirova ham Mustaqillik bergan imkoniyatlardan, sharoitlardan bahramand bo‘lib ilm yo‘lini tanlagan, yurtimizda ilm - fan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shayotgan yosh olimalardan. Uning qalbida ilmga, tanlagan kasbiga muhabbat, yurtiga sidqidildan hizmat qilishdek sadoqat hissi bor ekan tole sari, yorug‘ manzillar sari yetib borishi tayin. Biroq shu bilan birga ilmning so‘qmoqlari, mashaqqatli yo‘llari, beorom tunlari ham borki, buning uchun esa yana qalbda shijoat, iroda, ishonch, sabru toqat ham kerak bo‘ladi. Yosh olima shularni his etib, katta ishonch bilan ilm sari yuzlangan olima ayollardan.
Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti Zokirova Sayyora Abdulhaqovna 1992 yilda Toshkent Davlat Texnika universitetining Avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari (ASU) fakultetining Amaliy matematika bo‘limini tamomlagan. So‘ngra Toshkent arxitektura qurilish institutida injener lavozimida ishlagan, Toshkent Arxitektura qurilish institutida kunduzgi aspirantura bo‘limida tahsil olgan. TAQIdagi “Loyihalashni avtomatlashtirilgan tizimlari” kafedrasida o‘qituvchi vazifasida pedagogik faoliyat olib borgan.
Sayyora Zokirova 1997 yilda Uzbekiston Resnublikasi Fanlar Akademiyasining “Kibernetika” ilmiy - ishlab chiqarish birlashmasida Loyihalashni avtomatlashtirilgan tizimlari mutaxassislik yo‘nalishida “Tomosha ob’ektlari parametrlarini optimallashtirishning matematik modellarini o‘rganish va yaratish” mavzusida dissertatsiya yoqladi. Ilmiy ish asosida loyihalashda ob’ektga yo‘naltirilgan instrumental tizim ishlab chiqilgan va loyihalash institutida amaliy qo‘llanilgan.
1997 - 2004 yillarda Respublika Biznes - Fond OAJida yetakchi mutaxassis sifatida ish olib borgan. 2004 yildan hozirgi kunga qadar Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI “Informatika va menejment” kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri vazifalarida ishlab kelmoqda.
Dotsent Zokirova Sayyora Abdulhaqovna o‘z faoliyati davomida 20 dan ortiq ilmiy publikatsiyalar nashr etgan. “Kompyuter multiplikatsiyasi” o‘quv qo‘llanmasi, “Tarmoqda administratsiya muammolari va axborot xavfsizligi”, “Internet tarmog‘ini yaratish”, “Informatsion texnologiya asoslari”, “Rol informatsii v sovremennom obshestve”, “Opredelyayushiye faktoriy razvitiya kulturiy i biznesa”, “Jamiyatda informatsion muhitning o‘rni”, “San’at muassasalarini boshqarishda axborot kommunikatsion texnologiyalari” mavzusidagi ilmiy izlanishlari shular jumlasidan.
Sayyora Zokirova ishga o‘ta mas’uliyat bilan qaraydi, darslarga puxta tayyorlanib, ularni yuqori darajada o‘tkazishga intiladi, pedagogik mahorati, yaxshi muomalasi orqali talabalar, institut jamoasining hurmat - e’tiboriga sazovor. Ilmiy ishlarini erinmay, qunt bilan davom ettiradi, tadqiqotlar natijalarini jamlab chop ettiradi, yana izlanadi.