Tarix fanlari doktori A. Ahmedov 1939-yil 29-dekabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati oʻzbek. 1963-yili Toshkent Davlat universitetini tamomlagan.
Hozirgi kunda OʻzR FA Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi. Fan va texnika boʻyicha Beruniy nomli Davlat mukofoti laureati (1989), “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (2000), I darajali Davlat mukofoti laureati (2009).
1970-yilda “Shamsiddin Samarqandiyning “Ashkol at-taʼsis” asarining geometriyani asoslashdagi roli” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1986-yili “Al-Xorazmiyning ilmiy merosi va uning fan va madaniyat tarihidagi oʻrni” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
A. Ahmedov — sharqshunos-manbashunos, fan tarixchisi, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining arab va fors adabiyoti yodgorliklari boʻyicha tadqiqotchi-tarjimon ham hisoblanadi. 230 dan ortiq nashr qilingan oʻrta asrlarda sharq astronomiyasi, geografiya, matematika va tarix faniga bagʻishlangan asarlar muallifidir. 6 nafar nomzod va 1 nafar fan doktori tayyorlagan.
A. Ahmedov fan tarixida birinchi marta Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Guragoniy” asarini rus va oʻzbek tillariga toʻla ilmiy izohlar bilan tarjimasini, Sharofuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sini eski oʻzbekcha va ruscha tarjimalarini nashr qilgan. Beruniyning “Tafhim” asarini rus va oʻzbek tillarida, “Qonuni Masʼudiy” asarini hamkorlikda rus-oʻzbek tillarida chop etdi, Xorazmiyning “Astronomik risolalari”ni rus tilida nashr qildi.
A. Ahmedov 1995–2001-yillar Samarqandda YUNESKO homiyligida taʼsislangan Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro institutining birinchi direktori lavozimida xizmat qildi.