Tarix fanlari doktori, professor R.Qodirov 1950-yil 5-fevralda Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida tugʻilgan. Millati oʻzbek. 1971-yilda ToshDUning sharq fakulteti xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi boʻlimini tamomlagan. R.Qodirov 1971-yildan boshlab fakultetiing mazkur Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi va 1981-yildan dotsent lavozimida ishlab kelgan. R.Qodirov 1973–1976-yillar sobiq SSSR FA Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil koʻrdi. 1977-yilda “Krestyanstvo v sotsialno-politicheskoy jizni Iraka mejdu dvumya mirovimi voynami” nomli mavzuda nomzodlik, 1993-yilda esa “Onovnie aspekti evolyutsii agrarno-krestyanskoy problemi v Irake (konets XIX-XX vv.)” degan mavzudagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. R.Qodirov 1991–1992-yillar fakultet negizida tashkil etilgan Toshkent davlat sharqshunoslik institutining tarix fakulteti dekani va 1992–1993-yillar davomida institutning tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektori vazifalarida xizmat qildi. U 1993-yildan xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasining professori vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab, arab mamlakatlarining tashqi siyosati mavzu boʻyicha ilmiy ishlar olib bordi. Hozirgi kunda Tashqi ishlar vazirligida boʻlim boshligʻi vazifasida ishlamoqda.