Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi, tarix fanlari doktori, professor F.H.Qosimov 1941-yil 10-oktabrda Buxoro shahrida tugʻilgan. Millati oʻzbek. 1963-yilda olim Buxoro davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. 2006-yil 10-dekabrda vafot etgan. Olim 1971–1976-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutining kafedra mudiri, 1983–1986-yillarda tarix fakulteti dekani, 1986–1992-yillarda Buxoro Davlat pedagogika instituti rektori, 1992-yildan to umrining oxirigacha “Tarixshunoslik va manbashunoslik”, keyinchalik “Jahon tarixi va tarixshunoslik” kafedralarini boshqargan. F.H.Qosimovning ilmiy izlanishlari doirasida jahon tamaddunining oʻchoqlaridan biri - Buxoro tarixini yoritish alohida ajralib turadi. Serqirra ijod sohibi F.Qosimov Temuriylar davrida Buxoro tarixi, Buxoro va Xorazmni sovetlashtirish jarayonlari tarixshunosligi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixshunosligi, Buxoroda Qizil armiyaga qarshi kurash masalalari bilan bir qatorda, Oʻrta Osiyo xalqlarining XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr birinchi choragidagi tarixi, Oʻzbekistonning yangi va eng yangi tarixi hamda tarixshunosligi masalalari, xalqaro terrorizm va narkobiznesga qarshi kurash muammolarini jiddiy ravishda tadqiq etgan. Butun ilmiy faoliyati, pedagoglik mahoratini tarix fani ravnaqiga va mutaxassis kadrlar tayyorlashga qaratgan F.H.Qosimov mustaqillik yillarida barakali ijod qildi. Soʻnggi oʻn yil ichida zahmatkash va fidoyi olimning 7 ta kitobi nashr etildi. Uning ilmiy rahbarligida oltita fan nomzodligi dissertatsiyalari tayyorlanib, himoya qilindi. F.H.Qosimov mustaqillik davrida Buxoro viloyati tarixchilar jamiyatining raisi boʻlib ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi FA Tarix instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengash aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatdi. F.H.Qosimov Moskva, Varshava, Parij, Toshkent, Buxoro, Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda maʼruzalari bilan ishtirok etib, Oʻzbekiston tarix fani yutuqlarini jahonga tanitishga munosib hissa qoʻshdi. “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan (2006). Nomzodlik dissertatsiyasi mavzusi: «Sovetskaya istoriografiya Buxarskoy Narodnoy Sovetskoy Respubliki» (1968). Doktorlik dissertatsiyasi mavzusi: «Sovetskaya istoriografiya perexoda narodov Sredney Azii k sotsializmu, minuya kapitalizm» (1980). Olim oʻndan ortiq kitob va 120 ta ilmiy maqolalar muallifi.