B. Ahmedov tarixchi-sharqshunos, matnshunos va manbashunos olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sohibi. 2002-yil 16-mayda vafot etgan.
Olim 1924-yil 12-avgustda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida Qorasuv qishlog‘ida tug‘ilgan. 1948–1953-yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning sharq fakultetida o‘qib, uning tarix bo‘limini tamomladi. 1953–1957-yillar mobaynida o‘rta maktabda direktor va tarix o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1957–1960-yillarda Leningrad davlat universiteti qoshidagi aspiranturada tahsil olgan. 1961-yilda Leningradda “Gosudarstvo kochevix uzbekov pri Abu-l-xayr-xane” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini va 1974-yilda “Balxskiye xanstva v XVI - perv. polovine XVIII vv.” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Olim 1960-dan vofotiga qadar O‘zbekiston FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida xizmat qilib keldi. Temuriylar Davlat muzeyi direktori, Amir Temur jamg‘armasi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. U Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti qoshida tuzilgan Ixtisoslashgan ilmiy kengash a’zosi bo‘lgan. Shu bilan birga, “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar”, “Sharq yulduzi”, “Muloqot”, “Sirli olam”, “Sharq mash’ali” kabi jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi hamda “O‘zbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarini saqlash” va “Respublika qadriyat va ma’naviyat” jamiyatlari boshqarmasi a’zosi sifatida ahamiyatga molik ishlar olib borgan.
Ilmiy yo‘nalishi: O‘zbekiston xalqlari va madaniyati tarixi, O‘rta Osiyo xalqlari va o‘rta asrlar adabiyoti, Temur va temuriylar davri tarixi. Ko‘plab monografiyalar, ilmiy-ommabop kitob va risolalar hamda ilmiy va ma’rifiy maqolalar muallifi. Sharq qo‘lyozmalarini, O‘zbekiston xalqlarining madaniy merosini o‘rganish bo‘yicha bir qancha xalqaro simpozium va kongresslar ishtirokchisi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sohibi (1989), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (1995), Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1942–1945), “Do‘stlik” (1997) va “Buyuk xizmatlari uchun” (1999) ordenlari va bir qancha medallar bilan taqdirlangan.