Tarix fanlari doktori, professor D. A. Alimova 1948-yil 25-mayda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tavallud topgan. Millati o‘zbek. 1971-yilda ToshDU (O‘zMU)ning tarix fakultetini tamomlagan. Olima 1971-yili o‘qishni bitirgach, o‘z ilmiy faoliyatini O‘zR FA Tarix institutida boshladi.
1971–1986-yillar davomida ilmiy izlanishlarini institut aspiranti, kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi sifatida davom ettirdi. D. Alimova:
- 1987–1988-yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi
- 1988–1990-yillarda O‘zR FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi
- 1990–1992-yillarda doktoranti, yetakchi ilmiy xodimi
- 1992–1995-yillarda ilmiy guruh rahbari
- 1995–1998-yillarda Tarixshunoslik bo‘limi mudiri
- 1998–2000-yillarda direktor o‘rinbosari
- 2000–2010-yillarda institut direktori lavozimlarida ishladi.
2011-yildan mazkur institutda «Tarixshunoslik va manbashunoslik» bo‘limini boshqarib kelmoqda.
D. Alimova 1980-yilda «O‘zbekistonda xotin-qizlar muammosining hal qilinishi tarixshunosligi (1917–1941-yy.)» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1991-yilda «Xotin-qizlar masalasi O‘rta Osiyo sovet tarixshunosligida (20–80-yillar.)» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2001-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
D. Alimova mamlakatimizda yetuk tarixchi kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning rahbarligida 10 ta doktorlik va 18 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Bugungi kunda D. Alimova ilmiy rahbarligi ostida 6 ta doktorlik va 20 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari ustida tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.
D. Alimova O‘zR FA Tarix instituti qoshidagi tarix fani bo‘yicha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash a'zosi (1998–2010-yillarda raisi); O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash a'zosi.