Oʻzbekiston Respublikasi FA akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi A. A. Askarov 1935-yil 25-sentyabrda Namangan viloyati Norin tumanida tavallud topgan. Millati oʻzbek.
1957-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tarix fakultetini tamomlagan. Olim jamoatchilik asosida Oʻzbek milliy “Kurash” assotsiatsiyasining raisi. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotining laureati (1985-yil). 1992-yili “Mustaqillik” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. 1993-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining 50 yillik nishoni bilan, 2003-yil Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining 60 yillik nishoni bilan, 1995-yilda T. N. Qori-Niyoziy nomidagi medal bilan taqdirlangan. 1995-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvonini olishga sazovor boʻlgan.
Akademik A. Askarov 21 nafar shogird tayyorlagan. Ulardan 16 nafari fan nomzodlari va 5 nafari fan doktori.
Bronza va ilk temir davri qadimgi dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlari, Oʻzbekiston hududlarida ilk shaharsozlik madaniyati va oʻzbek xalqi davlatchiligining ilk bosqichlari, oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi kabi masalalar olimning ilmiy yoʻnalishi hisoblanadi.
A. Askarov birinchi oʻzbek arxeologi akademik Ya. Gʻ. Gʻulomov arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi. “Bronza davrida quyi Zarafshon madaniyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, “Janubiy Oʻzbekiston bronza davrida (qadimgi Sharq tamaddudining mahalliy oʻchogʻini tashkil topish muammosiga doir)” mavzusida doktorlik dissertatsiyani himoya qilgan.
Akademik A. Askarovning ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlari 450 dan ortiq. Ularning 16 tasi monografiya. Umumiy ishlarning 50 dan ortigʻi xorijiy mamlakatlarda (ingliz, fransuz, nemis, yapon, fors va xitoy tillarida), 200 ga yaqin ishlari rus tilida chop etilgan. 1 ta oʻquv qoʻllanmasi, 8 ta oʻquv-uslubiy ishlari va 175 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari oʻzbek tilida chop etilgan.