Tarix fanlari doktori, professor R.H.Karimov Buxoro shahrida 1928-yil 20-sentabrda tavallud topgan. Millati oʻzbek.
1950-yilda R.H.Karimov Buxoro davlat pedagogika institutining tarix fakultetini tugatgan. 2002-yil 5-iyulda vafot etgan.
Moskva davlat universiteti (MGU) aspiranti (1950–1953). Buxoro davlat pedagogika institutida kafedra mudiri (1954–1959). Samarqand kooperativ institutining Toshkent filialida dotsent (1960–1970), filial direktori, fakultet dekani (1970–1987), Oʻzbekiston FA Tarix institutida boʻlim boshligʻi, yetakchi ilmiy xodim (1987–1998) lavozimlarida ishlagan.
R.Karimovning ilmiy izlanishlari XX asr birinchi choragidagi Turkiston iqtisodiy va siyosiy tarixiga oid boʻlib, u 1989-yilda “1921–1925-yillarda Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi: muhim jihatlar. Tarixiy tajriba” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
«Uzbekistan v period vosstanovleniya narodnogo xozyaystva SSSR» (1974) monografiyasi, hammualliflikda yaratilgan «Oʻzbekiston tarixi (1917–1993-y.)» 9-sinf darsligi (oʻzbek va rus tillarida; 1994–1995), «Oʻzbekiston tarixi (1917–1991-y.)» 10-sinf darsligi (2000–2006-yillarda bu darslik oʻzbek, tojik, rus, qirgʻiz, turkman tillarida 10 marta nashr qilindi)ning mualliflaridan biri. Oʻndan ortiq kitob va 120 ta ilmiy maqolalar muallifi.