Tarix fanlari doktori, professor H. Ziyoev 1923-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati oʻzbek. 1946-yilda Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan.
Olim 1941–1942-yillarda ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, fashizmga qarshi kurashga oʻz hissasini qoʻshdi va frontda yaralanib, vataniga qaytgan.
1953-yilda Moskvadagi Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutida “Sharqiy Turkistonda 1826-yilgi qoʻzgʻolon” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, 1964-yilda “Oʻrta Osiyo va Sibir” nomli monografiyasi uchun tarix fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻlgan.
Hamid Ziyoev OʻzR FA Tarix institutida (1964–1996-yillar) “Oʻzbekistonning yangi tarix boʻlimi” mudiri, 20 yil (1965–1985-yillar) OʻzR FA Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib bordi. 1997-yildan beri u “Oʻzbekistonning XIX–XX asr tarixi” boʻlimida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Hamid Ziyoev oʻz ilmiy faoliyati davomida nafaqat Oʻrta Osiyo respublikalarida, balki Qozogʻiston, Rossiya, Tatariston, Boshqirdiston va MDHdagi boshqa respublikalarda joylashgan 25 dan ortiq davlat arxivlarida Oʻzbekiston tarixi, Sibirda yashagan oʻzbeklar hayoti va faoliyati, Oʻrta Osiyo va Rossiya aloqalari mavzusida izlanishlar olib borib, muhim tarixiy maʼlumotlarni toʻplashga muvaffaq boʻldi. Turkistonda Rossiya imperiyasi tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash tarixi, Oʻrta Osiyoining Sibir, Volga va Oʻrol boʻylari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari tarixi olimning ilmiy yoʻnalishi hisoblanadi.
H. Ziyoev Oʻzbekistonning XVI–XIX asrlar tarixini va ayniqsa, mustamlaka davri tarixini oʻrganishga asos solgan, bu davr tarixi boʻyicha yirik asarlar yaratgan zabardast olim sifatida nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham yaxshi tanilgan. Uning asarlariga xorijiy tadqiqotlarda keng eʼtibor qaratilib kelinmoqda.
Olim 40 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan. Uning 18 ta yirik ilmiy monografiya, 10 dan ortiq ilmiy-ommabop asarlari va 400 ga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari, bir nechta ibratli hikoyalar toʻplami chop etilgan