Alimov Shavkat Orifjonovich (1945.2.3, Nukus) - matematik olim, O‘zbekiston FA akademigi (2000), fizika-matematika fanlari doktori (1973), professor (1974). Moskva davlat universiteti (MDU)ni tugatgan(1967). MDUda (1974 - 1984) ishlagan, ToshDU kafedra mudiri va O‘zbekiston FA Matematika institutida direktor o‘rinbosari (1984 - 1985), SamDU (1985 - 1987), ToshDU (1987 - 1989) rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri (1990 - 1991), ToshDU kafedra mudiri (1991 - 1994). Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari (1994 - 1995), O‘zbekiston Respublikasining XXR dagi favqulodda va muxtor elchisi (1995 - 1998), Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida prorektor (1998 yildan). Asosiy ilmiy ishlari matematik fizikaning xususiy hosilali differensial tenglamalari muammolariga, xususan o‘z-o‘ziga qo‘shma elliptik operatorlarning spektral nazariyasiga, differensial va integral tenglamalar muammolariga bag‘ishlangan. “Karrali qatorlar va Fure integrallari” monografiyasi Germaniyada (“Springer Verlag” nashriyoti) ingliz tilida nashr etilgan (1991). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1985).