Tarix fanlari doktori, professor B. Siddiqov 1937-yil 15-iyulda Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. 1960-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. Olim 1960-yildan boshlab Toshkent davlat texnika universitetida faoliyat olib bormoqda. Uzoq yillar davomida kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida ishlagan, hozirgi kunda mazkur universitetning “Siyosatshunoslik, sotsiologiya va O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasida professor lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Berdimurod Siddiqov O‘zbekistonda agrar siyosat masalalari bo‘yicha ilmiy ish olib borgan. 1969-yilda Berdimurod Siddiqov “O‘zbekiston kompartiyasining sovxozlarda paxtachilikni rivojlantirishdagi faoliyati (1956–1960-yillar)” mavzusida nomzodlik, 1994-yilda esa “60–80-yillarda O‘zbekistonda sovxoz ishlab chiqarishi: saboqlar va muammolar” mavzusida (07.00.02 Vatan tarixi) doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Berdimurod Siddiqov faoliyati davomida 200 ga yaqin maqola, risola, monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar chop etdi.