Tarix fanlari doktori M.K. Saribayev 1971-yil 19-iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tavallud topgan. Millati qoraqalpoq. 1992-yilda Qoraqalpoq DUning tarix fakultetini tamomlagan.
Olim ayni paytda Qoraqalpoq davlat universitetining «Tarix» kafedrasi dotsenti. O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti qoshidagi 07.00.01 — O‘zbekiston tarixi mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyalari himoyasi uchun Ixtisoslashgan kengash a’zosi.
M. Saribayev 1998-yili «Qoraqalpog‘iston paxtachilik tarixi (1873–1941-yy.)» mavzusida nomzodlik, 2008-yilda «Qoraqalpog‘istonda sovet hokimiyatining paxta yakkahokimligi siyosati va uning oqibatlari (1917–1990-yy.)» mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
2010-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi deputati. 2000-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashining «Faxriy yorlig‘i», 2011-yili «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga yigirma yil» esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
M.K. Saribayev rahbarligida 4 nafar shogirdi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda, ulardan 2 nafari dissertatsiya ishlarini yakunlab himoya qilish arafasida.
Qishloq xo‘jalik tarixi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi tarixining dolzarb muammolari — olimning ilmiy yo‘nalishi.
M.K. Saribayev 3 ta monografiya, 2 ta darslik va respublika hamda xorijiy davlatlarda 60 dan ortiq ilmiy maqola va metodik qo‘llanmalarni nashr etgan.