Tarix fanlari doktori R.T. Rashidov 1938-yil 15-yanvarda Toshkent viloyatining Ozodbosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Olim 1962-yilda Toshkent davlat universiteti sharq fakultetining eron-afg‘on bo‘limini tamomlagan. 2005-yilda vafot etgan.
R.T. Rashidov talabalik chog‘idanoq (1961) O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida ishlay boshladi. 1968-yilda kichik ilmiy xodim lavozimiga o‘tkazildi. R. Rashidov mazkur institutda mehnat faoliyatini 1977-yilga qadar davom ettirdi, bu orada 1966–1967-yillar davomida Afg‘onistonda tarjimon bo‘lib ishladi. 1971-yilda “Aymaki” degan mavzuda nomzodlik, 1993-yilda esa “Советско-афганские отношения и их отражение в западной литературе” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. R. Rashidov 1977–1980-yillar davomida O‘zbekiston FAning Tarix, tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘limida ilmiy kotib bo‘lib ishladi. 1980–1986-yillar mobaynida u O‘zbekiston FA prezidiumi qoshida ochilgan ijtimoiy fanlar bo‘limi ilmiy axborot markazining boshlig‘i vazifasida ishladi. 1986-yildan u yana Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim, 1993-yildan umrining oxirigacha yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida xizmat qilgan. Olimning ilmiy yo‘nalishi — Afg‘onistonning iqtisodiy tuzumi, umumiy тарих, Afg‘oniston G‘arbiy Yevropa tarixnavislari nazarida kabi masalalar hisoblanadi.
Olim o‘z ilmiy faoliyati davomida ko‘p maqolalar, 6 ta monografiya va 40 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘ldi.