Shaharlari beg‘ubor , oqshomlari tinch, sokin , shoir aytganidek, “maysalari so‘zga kiradigan, daraxtlari go‘yo tabassum ulashadigan” jannatmakon yurtda yashayotgan hamyurtlarimiz qatori Durdona Axatova ham shukronalar aytib, umrguzaronlik qilmoqda .
U Navoiy davlat pedagogika universiteti “Umumiy pedagogika” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
“Ilm egallasang musaffolik sari intilasan”, degan yurtimizda yashab o‘tgan donishmand Aziziddin Nasafiy.
Durdonaxon 1971 - 1981 yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati, Narpay tumanidagi Qarnabota qishlog‘idagi 45 - umumta’lim maktabida tahsil olgandan so‘ng ilm olishni davom ettirishni astoydil niyat qildi.
U 1981 yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirda Toshkent davlat pedagogika universiteti) tarix fakultetining tarix-pedagogika bo‘limiga o‘qishga kirdi va oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatgach, 1986 yilda vazirlik yo‘llanmasi bilan Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga keldi.
Durdona Axatova 1986 - 2002 yillarda institutda “Ijtimoiy fanlar”, “Pedagogika”, “Psixologiya” kafedra - larida o‘qituvchi vazifasida mehnat qildi.
Iqtidorli muallima talabalarga ilg‘or innovatsion texnologiyalardan foydalanib saboq berish barobarida, ularda fanga bo‘lgan qiziqishni orttirish, ko‘nikma, malakalarini shakllantirishga e’tiborini qaratadi.
Zero, barkamol avlod ta’lim va tarbiya masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani yoshlarni yanada komillikka chorlagan edi.
Ustozlik iftixori ko‘ngliga qanot bag‘ishlagan Durdona Aktamovna ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirib, 1998 yilda pedagogika fanlari doktori, professor J.Hasanboev rahbarligida Abdurauf Fitratning ma’rifiy pedagogik qarashlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Shuningdek, 20 ga yaqin uslubiy qo‘llanma, 100 ortiq ilmiy maqolalari xalqaro, respublika nashrlarida chop etilgan.
D.Axatova viloyatdagi o‘quv yurtlariga ilmiy, metodik yordam ko‘rsatish borasida ham muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Navoiy viloyati o‘qituvchilarni malaka oshirish institutida, Navoiy pedagogika, Nurota iqtisodiyot kollejlarida, qator umumta’lim maktablarida o‘qigan ma’ruzalari, namoyish etgan amaliy ishlari shular jumlasidandir.
Durdona Aktamovna bu amallarni beminnat, yoshlar ta’lim- tarbiyasi uchun sof ko‘ngillik bilan bajaradi. U institut talabalari ongiga milliy istiqlol goyasini singdirish, ular qalbida milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. D.Axatova 2004 yilda “Iste’dod” jamg‘armasi tanlovida ishtirok etib, grant sohibasiga aylangan va Bolgariyaning Varna universitetida malaka oshirib qaytgan.
Har bir ishga jiddiy yondasha oladigan, salohiyatli olima hozirda ham ilmiy tadqiqotlar ustida izlanmoqda.
Durdona Aktamovnani hayot yo‘li ham ilmdan yorishgan qalbi kabi musaffo. Turmush o‘rtog‘i Erkin Berdiev Navoiy “Elektrkimyo” zavodida mehnat qiladi, farzandlari Dinaraxon Navoiy davlat pedagogika institutining matematika va informatika fakultetini bitirib, shahardagi 16 - ixtisoslashgan umumta’lim maktabida o‘qituvchi, shu bilan birgalikda institutning “Ta’limda axborot texnologiyalari” mutaxassisligi 2 - kurs magistranti. O‘g‘li Nozimjon Toshkent davlat texnika universitetining aviatsiya fakultetini tamomlab, Navoiy davlat aeroportida muhandis lavozimida ishlamoqda.
Durdonaxonning boldek shirin uch nafar nabiralari bor.
Qahramonimizga o‘sayotgan, chechaklari rohat, farog‘atini ko‘rib yurish nasib etsin deya tilak bildiramiz.