1956 yil 12 iyulda Rishton tumanidagi Zohidon qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni shu qishloqda tugallab, 1975 yili Farg‘ona davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirgan. 1978 yilda Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. 1979 yili shu oliy dargohni bitirib, Rishton tumanidagi 33 - sonli o‘rta maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. 1982 yilda “Kitobsevarlar” jamiyati Rishton tumani tashkilotining mas’ul kotibi vazifasiga ishga qabul qilingan. 1986 yilgacha Rishton tumanida mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. 1986 - 1990 yillar davomida M. Topvoldiyev qishloq kengashida rais vazifasida ishlagan.
1991 - 1996 yillar mobaynida Farg‘ona davlat universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, 1996 - 2008 yillar oralig‘ida universitet kutubxonasi direktori vazifalarida ishlagan. 2008 yildan boshlab filologiya fakulteti adabiyotshunoslik kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib bordi. Hozirda nafaqada.
M.Boborahimov 1991 yilda “80 - yillar o‘zbek lirikasida konflikt va xarakter” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1993 yilda dotsentlik ilmiy unvoniga ega bo‘lgan. Uning 100 dan ortiq ilmiy, uslubiy maqolalari respublika ilmiy jurnallari va gazetalarida chop etilgan. “O‘zbek tili va adabiyotini o‘rganamiz”, “Qutlug‘ kunlar yodi”, “Burhoniddin Marg‘inoniy ar - Roshidoniy” kabi kitoblar muallifi.