Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, Toshkent Davlat Agrar universiteti professori, dotsent Do‘stmurodova Saodat Ismoilovna qishloq xo‘jalik sohasida ko‘zga ko‘ringan yirik olimalardan.
Saodat Do‘stmurodova 1989 yili Toshkent Qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Dastlab ushbu institutning sabzavotchilik kafedrasida tadqiqotchi – shogird lavozimida ishlagan. So‘ngra aspiranturada tahsil oldi va nomzodlik dissertatsiya ishini himoya qildi. Shundan so‘ng “Mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, meva - sabzavot ekinlari selektsiyasi va urug‘chiligi” kafedrasi assistenti, “Mevachilik, sabzavotchilik va uzumchilik” kafedrasi dotsenti, Toshkent Davlat Agrar universiteti doktoranti, 2015 yildan kafedra professori lavozimida mehnat qilib kelmoqda.
“Sabzavotchilik”, “Polizchilik”, “Sabzavot ekinlari selektsiyasi va urug‘chiligi”, “Meva - sabzavot ekinlari selektsiyasi va navshunosligi” fanlaridan bakalavriat talabalariga, “Meva sabzavot ekinlari urug‘shunosligi”, “Meva - sabzavot ekinlari urug‘chiligining ilmiy asoslari” fanlaridan magistratura talabalariga ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tadi.
Olimaning ilmiy pedagogik ishlari yuzasidan 102 ta ilmiy, o‘quv - uslubiy ishlari chop etilgan, shulardan 2 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta axborot varaqasi, 3 ta tavsiyanoma, 2 ta risola, ko‘plab ilmiy maqola va tezislar, qolaversa, nomzodlik dissertatsiyasi himoyasidan keyin 87 ta o‘quv - uslubiy va ilmiy ishlari nashr etilgan bo‘lib, ulardan 15 tasi ilmiy jurnallarda, shundan nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 3 ta maqolasi e’lon qilingan.
Ilmiy tadqiqot byudjetlari doirasida xorijiy, davlat byudjetlari bo‘yicha va loyihalarida mas’ul bajaruvchi sifatida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Dotsent Saodat Do‘stmurodova ilmiy - pedagogik faoliyati davomida 1 nafar fan nomzodi va 3 nafar magistrlarni tayyorlab, ko‘plab bitiruv malakaviy ishlarga rahbarlik qilgan; Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti qoshidagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, “Sabzavotchilik” ixtisosligi bo‘yicha tajribali imtihon hay’ati a’zosi; “Selektsiya va urug‘chilik” yo‘nalishi bo‘yicha Davlat imtihon hay’ati a’zosi (magistratura). Meva - sabzavotchilik va uzumchilik yo‘nalishi bo‘yicha davlat attestatsiya hay’ati a’zosi (bakalavriat); Meva - sabzavotchilik va uzumchilik bakalavriat yo‘nalishi guruh murabbiysi sifatida tarbiyaviy, ma’naviy, ma’rifiy ishlar olib bormoqda.
Saodat Do‘stmurodova 2014 yilda “O‘zbekistonda pomidor mevalari va urug‘larini yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusida Sabzavotchilik ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Professor Saodat Ismoilovna ilmiy - pedagogik faoliyati davomida Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh, Isroil, Rossiya davlatlarining nufuzli ilmiy markazlari va universitetlarida tajriba oshirgan.
Qishloq xo‘jalik fanlari doktori Saodat Ismoilovna samarali mehnatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim Vazirligi faxriy yorliqlari bilan, Universitet rahbariyati Faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan.
2015 yilda “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovvda qatnashib, Respublika bosqichida “Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi” ta’lim sohasi bo‘yicha “Eng yaxshi pedagog – tadqiqotchi” nominatsiyasida 1- o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Saodatxon oilali - bir o‘g‘il, ikki nafar qizi bor.
Ayolga e’zoz, uning mehnatlari qadri, yutuqlari garovi... Bularning bari mustaqillik bergan ne’matlar, imkoniyatlar ortidandir. Zero, ayol qadr topgan yurt doimo gullab yashnaydi.