Falsafa fanlari nomzodi, dotsent
1936 yili Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida tug‘ilgan. 5 - o‘rta maktabni tamomlab , shu maktabda yoshlar yetakchisi bo‘lib ishladi. 1955 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. 1960 yili universitetni tamomlab, Toshkent politexnika instituti “Dialektik va tarixiy materializm” kafedrasiga ishga qabul qilindi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, falsafa fanlari doktori, professor Abdurahmon Ortiqov ilmiy rahbarligida falsafa fanining dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib bordi. 1967 yil 14 noyabrda falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.
M. Fayozov Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti) falsafa kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, 1971 - 1987 yillarda esa kafedra mudiri lavozimlarida ishlab, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Uzoq yillar hozirgi davr falsafa fanining dolzarb muammolarini o‘rganish, ilmiy - nazariy tahlil qilish, amaliy ahamiyatini asoslab berish bilan shug‘ullandi. 6 ta yirik monografiya va risola, 50 dan ortiq ilmiy maqolalari nashr etilgan.
2010 yilda “Sharq” nashriyotida “Inson, falsafa va axloq” nomli ilmiy - uslubiy maqolalar to‘plami, 2012 yilda o‘zining hayot yo‘li, Rishton tumani mehnatkashlari, urf - odatlari haqidagi qiziqarli ma’lumotlar jamlangan “Xotiralar” kitobi chop etilgan.