Ayolga qanchalar ta’rif bersangda oz, ayniqsa o‘zbek ayoliga. Yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, bari - barida o‘z oilasida to‘kinlik va xotirjamlik, ish joyida intizom va barqarorlikni ta’minlayotgan yuzlab ayollarni uchratasiz. Ana shulardan biri so‘lim Marg‘ilonning yuragida o‘ti bor qizi — Bashoratxon Fozilovadir.
Bashoratxon opa 1943 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Maktabni namunali tamomlab, Farg‘ona Davlat Pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan. O‘zbek tili va adabiyotining boy me’rosini o‘rganish Bashoratxon ko‘nglini boyitdi. Oliy o‘quv yurtini tamomlab, u avvaliga Marg‘ilon shaxridagi 14 - maktabda o‘qituvchi, keyinchalik ilmiy mudir, so‘ng 1- o‘rta maktabda direktor lavozimida faoliyat olib bordi.
El nazariga tushishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu ham mas’uliyat degani, bu ham o‘z ustingda tinimsiz ishlash, izlanish degani. Uni pedagogika ilmining o‘ziga xos sirlari chorladi. Shu bois Bashoratxon Fozilova 1979 yilda o‘zi o‘qigan institut (hozirgi Farg‘ona Davlat universiteti)ning Pedagogika kafedrasiga katta o‘qituvchi sifatida ishga o‘tdi. 1984 yili esa pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Adabiyot darslarida o‘zbek tili materiallaridan foydalanish” mavzusida dissertatsiya yoqladi. So‘ng dotsentlik ilmiy unvoniga erishdi. Bashoratxon opa 25 dan ortiq ilmiy maqola, beshta o‘quv qo‘llanma, bir necha ilmiy - uslubiy tavsiyanomalar muallifidir.
Bashoratxon opa bir necha yillar davomida Pedagogika kafedrasiga rahbarlik qildi. Ayol qalbidagi o‘t uni jamoat ishlarida ham faol qatnashishga undagan bo‘lsa ajab emas. Shu kunlarda u bir qator ma’naviy - ma’rifiy ishlarni amalga oshirmoqda. Bashoratxon universitetning “Nafosat” klubi raisasi. Viloyat televideniesida .esa vodiy ayollari uchun sevimli bo‘lib qolgan “Oila saboqlari” teleko‘rsatuvining muallifi va boshlovchisidir. Bashoratxon Fozilova viloyat faxriy ayollari klubining raisi hamda shahar xotin - qizlar qo‘mitasining rayosat a’zosi sifatida tinib - tinchimayapti. Demakki, kuch - quvvati yetganchalik o‘zini ayollar muammolarini hal qilina baxsh etgandir. Niyati ayollarimizning yanada chiroy ochishi, ularning go‘zal turmush kechirishlariga hissa qo‘shish, og‘irlarini yengil qilishdir.
Shunday ham bo‘ladi!