Ba'zi insonlarning tarjimai holini kuzatsangiz, saotlar, daqiqalar ulkanlashib ketganga o‘xshaydi. Chunki u o‘zi qilgan ishlari bilan vaqtga o‘zgacha bir mazmun, mohiyat baxsh etadi. Olima, shifokor, pedagog Gulchehra Tolipovna Ishanxodjayeva o‘zining ilmiy, amaliy, pedagogik faoliyati bilan o‘tayotgan soatlar, kunlar, haftalarga qadr - qimmat, ulkanlik baxsh etayotgan insonlar qatorida alohida e’tirofga loyiq.
U 1971 yil 13 iyulda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ildi. Onasi Shoira Qosimova Toshkent tibbiyot akademiyasining dotsenti sifatida faoliyat olib borgan.
Gulchehra Tolipovna 1978 yilda 23 - sonli o‘rta maktabning birinchi sinfiga o‘qishga borib, 1988 yilda oltin medal bilan bitirdi. Faqat o‘qishdagina emas, jamoat ishlarida, odob - axlokda har jihatdan yetuk bo‘lgan o‘quvchilargina oltin medalga munosib ko‘rilar edi. Gulchehra Tolipovna sinfdoshlari ichida alohida iqtidori tufayli oltin medalga loyiq deb topildi. O‘sha paytda o‘quvchilar orasida bu katta obro‘ - e’tibor sanalar edi. Oltin medal quvonchi Gulchehra Tolipovnaga katta rag‘bat, ayni paytda o‘ziga ishonch tuyg‘usini berdi.
Gulchehra Tolipovna 1978 yilda (sobiq) ToshMIning davolash fakultetiga o‘qishga kirdi va 1994 yilda tamomladi. 1994 - 1995 yillar oralig‘ida “Tez tibbiy yordam” klinikasida internatura muddatini o‘tadi. Gulchehra Tolipovna asta - sekinlik bilan kasb sirlarini egallay boshladi.
1994 - 2004 yillar oraligida Toshkent shahar Olmazor tumani hududiy tibbiy birlashmasining markaziy poliklinikasida shifokor - nevrolog lavozimida ishladi. Gulchehra Tolipovna amaliyot bilan birga ilmiy izlanishlarni ham qo‘shib olib bordi. 2004 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi “Asab kasalliklari” kafedrasiga assistent lavozimiga ishga kirib, 2007 yilda “Ikkilamchi mening entsefalit o‘tkazgan bolalarda oliy miya faoliyati va tserebral gemodinamika” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Ilmiy izlanishlar va ularning quvonchli samarasi Gulchehra Tolipovnaga boshqacha kuch va ilhom baxsh etdi. U bor imkoniyatini ishga solib, o‘z sohasiga doir ilmiy maqolalar, uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashga kirishdi. Butun olimaning uzoq yillik mehnatlari sarhisob qilinsa, 60 dan ziyod ilmiy maqolalari va metodik qo‘llanmalari chop etilgan. Bu maqolalar Gulchehra Ishanxodjaevaning yo‘lidan ketayotgan o‘nlab shogirdlar, qolaversa, soha mutaxassislarining o‘qish, ish faoliyatida yordam beradi.
Olima 2013 yildan buyon Toshkent tibbiyot akademiyasining “Asab kasalliklari” kafedrasida dotsent sifatida faoliyat olib boradi.
U tibbiyot sohasini o‘ziga takdir bilgan juda ko‘p yoshlarning sevimli ustozi. Darslarni zamonaviy usullarda, texnologiyalar yordamida qiziqarli o‘tadi.
Pedagogika, tibbiyot sohasidagi yangiliklarni muntazam kuzatadi. Izlab topganlari orasida nimadir ko‘ngliga rost kelib qolsa, amaliyotida foydalanadi.
Gulchehra Ishanxodjayeva barcha ziyoli o‘zbek ayollari kabi oilasini ham muqaddas biladi.
Turmush o‘rtogi Saidvali Ishanxodjayev - xususiy tadbirkor. Oila, farzandlarini har jihatdan qo‘llab - quvvatlaydi. O‘g‘li Saida’loxon - huquqshunos. Kelini Nozimaxon ham eriga hamkasb.
Ziyolilar oilasi o‘zlarining jamiyatdagi o‘rni, yashash tarzi bilan mahallada ham yosh oilalarga ijobiy ma’noda o‘rnak ko‘rsatib yashamoqdalar.